Toshkent shahar, Mirzo Ulugʻbek tumanida yashovchi 19 yoshli B.X. murojaat qilib, oʻz arizasida “Instagram” ijtimoiy tarmogʻi orqali “apple.halol.nasiya” nomli akkaunti egasi boʻlgan “nomaʼlum shaxs” bilan “Iphone X” rusumli telefon qurilmasini muddatli toʻlovga sotib olishga kelishib, oldindan 684.000 soʻm miqdoridagi pul mablagʻlarini uning bank kartasiga oʻtkazib bergan aybdor shaxs vaʼdasini bajarmasdan muloqotni toʻxtatganligi maʼlum qilgan.

 Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik boʻlinmalari tomonidan oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ushbu jinoyatni Sirdaryo viloyati, Guliston shahrida yashovchi, 20 yoshli J.N. sodir etganligi aniqlandi.

Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan J.N. internet foydalanuvchilariga “Instagram” ijtimoiy tarmogʻi orqali “apple.halol.nasiya” nomli ijtimoiy guruh ochib, fuqarolarga telefon qurilmalarini muddatli toʻlov evaziga sotishini eʼlon qilib, ularni qiziqtirish orqali bank karta maʼlumotlarini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritish orqali bank kartalarida saqlangan pullarni oʻzlashtirib, qingʻir yoʻllar bilan boylik orttirib kelayotganligi aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Qonunga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “g” bandidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.