Ma’lumot uchun: O‘zbekistonda integratsiyalashgan ta’lim dasturlarini joriy etish maqsadida Buyuk Britaniyaning “IQF – Integrated qualifications framework” ta’lim tashkiloti bilan hamkorlikda Xalqaro malakalar va baholash markazi (Markaz) tashkil etilgan.

Qarorga ko‘ra, Markazga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatildi:

ishlab chiqilgan integratsiyalashgan dasturlarni QS (Quacquarelli Symonds) yoki THE (The Times Higher Education) xalqaro reyting tashkilotlari global reytingining top-100 talik ro‘yxatiga (top-100 talik ro‘yxat) kiruvchi hamkor oliy ta’lim tashkilotlarining akademik talablariga solishtirish va muvofiqlashtirish;

top-100 talik ro‘yxatga kiruvchi hamkor oliy ta’lim tashkilotlari tomonidan tan olinadigan bakalavriatda “1+3”, “2+2”, magistraturada “1+1” kabi ta’lim modellarini ishlab chiqish;

O‘zbekiston Respublikasida yetakchi xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarining oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplomini berishga qaratilgan tuzilmalarni (kampus, filial, franshiza, ta’lim dasturlarini amalga oshirish markazlari va boshqalar) tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishish.

Buyuk Britaniya ilg‘or tajribasi asosida integratsiyalashgan ta’lim dasturlarini joriy qilishni yanada kengaytirish maqsadida tajriba-sinov tariqasida Toshkent arxitektura-qurilish universiteti huzurida Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabi (Oliy maktab) tashkil etilishi belgilandi.