2025-yil 8-avgust kuni qabul qilingan OʻRQ-1080-son Qonun asosida Jinoyat kodeksiga qator oʻzgarish va qoʻshimchalar kiritildi. Yangi normalar 2025-yil 10-noyabrdan kuchga kiradi va ularning asosiy maqsadi — mualliflar, ixtirochilar, tadbirkorlar hamda innovatsiya sohasi vakillarining huquqlarini samarali himoya qilishdan iborat:
1) 149-moddaning tahriri oʻzgartirilmokda (Amaldagi taxrirdagi 149-modda (Mualliflik yoki ixtirochilik huquqlarini buzish)da tafakkur mulki obyektiga nisbatan mualliflik huquqini oʻzlashtirib olish, hammualliflikka majburlash, shuningdek, tafakkur mulk obyektlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ular rasman roʻyxatdan oʻtkazilgunga yoki eʼlon qilingunga qadar muallifning roziligisiz oshkor qilish jarima (BHM ning 25 baravaridan 75 baravarigacha miqdorda) yoki muayyan huquqdan mahrum qilish (5-yilgacha) yoxud majburiy jamoat ishlari (360 soatgacha) yoki axloq tuzatish ishlari (3-yilgacha) bilan jazolanadi).
2025-yil 10-noyabrdan boshlab asarga, ixtiroga, foydali modelga, sanoat namunasiga, seleksiya yutugʻiga va integral mikrosxema topologiyasiga nisbatan mualliflikni oʻzlashtirib olish, hammualliflikka majburlash, shuningdek ushbu intellektual mulk obyektlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ular rasman eʼlon qilinguniga qadar muallifning roziligisiz oshkor etish jarima(BHM ning 50 baravaridan 70 besh baravarigacha miqdorda) yoki muayyan huquqdan mahrum qilish(5-yilgacha) yoxud majburiy jamoat ishlari (360 soatgacha) yoki ozodlikni cheklash (2-yilgacha) bilan jazolanadi.
Oʻsha harakatlar takroran, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, xizmat mavqeidan foydalangan holda, juda koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan boʻlsa, bir yildan uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilib, BHM ning 75 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 soatdan 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3-yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2-yildan 3-yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.
Shuningdek, birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxs, agar u jinoyat aniqlangan kundan eʼtiboran oʻttiz kunlik muddatda muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlarini buzish oqibatlarini bartaraf etgan va yetkazilgan moddiy zararning oʻrnini qoplagan boʻlsa, javobgarlikdan ozod etiladi.
2) JKning VII bobi 3-ta modda bilan toʻldirilmokda. 2025-yil 10-noyabrdan boshlab:
1491-modda(Mualliflik huquqini va turdosh huquqlarni buzish)ga koʻra, asarlardan yoki turdosh huquqlar obyektlaridan qonunga xilof ravishda foydalanish, xuddi shuningdek asarlarning yoki turdosh huquqlar obyektlarining kontrafakt nusxalarini takrorlash, tarqatish, barchaning eʼtiboriga yetkazish yoxud asarlarning yoki turdosh huquqlar obyektlarining nusxalarida ularni tayyorlovchilar haqida, ularni ishlab chiqarish joylari toʻgʻrisida, shuningdek mualliflik huquqining va turdosh huquqlarning egalari haqida yolgʻon axborotni koʻrsatish koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan boʻlsa, BHM ning 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2-yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 2-yilgacha ozodlikni cheklash yoki 2-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oʻsha harakatlar takroran, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, xizmat mavqeidan foydalangan holda, ommaviy axborot vositalaridan yoxud telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet jahon axborot tarmogʻidan foydalanib, juda koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan boʻlsa, BHM ning 100 baravaridan 150 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2-yildan 3-yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 2-yildan 3-yilgacha ozodlikni cheklash yoki 2-yildan 3-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Yetkazilgan moddiy zararning oʻrni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qoʻllanilmaydi. Birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxs, agar u yetkazilgan moddiy zararning oʻrnini jinoyat aniqlangan kundan eʼtiboran oʻttiz kunlik muddatda qoplagan boʻlsa, javobgarlikdan ozod etiladi.
1492-modda(Oʻzganing tovar belgisidan, xizmat koʻrsatish belgisidan, geografik koʻrsatkichidan, tovar kelib chiqqan joy nomidan yoki adashtirib yuborish darajasida ular bilan oʻxshash boʻlgan belgilardan shu turdagi tovarlarga (xizmatlarga) nisbatan qonunga xilof ravishda foydalanish yoxud oʻzganing firma nomidan qonunga xilof ravishda foydalanish)ga koʻra, oʻzganing tovar belgisidan, xizmat koʻrsatish belgisidan, geografik koʻrsatkichidan, tovar kelib chiqqan joy nomidan yoki adashtirib yuborish darajasida ular bilan oʻxshash boʻlgan belgilardan shu turdagi tovarlarga (xizmatlarga) nisbatan qonunga xilof ravishda foydalanish yoxud oʻzganing firma nomidan qonunga xilof ravishda foydalanish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilmagan tovar belgisiga, xizmat koʻrsatish belgisiga, geografik koʻrsatkichga va tovar kelib chiqqan joy nomiga nisbatan ogohlantiruvchi tamgʻadan qonunga xilof ravishda foydalanish koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan boʻlsa, BHM ning 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2-yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 2-yilgacha ozodlikni cheklash yoki 2-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oʻsha harakatlar takroran, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, xizmat mavqeidan foydalangan holda, juda koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan boʻlsa, BHM ning 100 baravaridan 150 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2-yildan 3-yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 2-yildan 3-yilgacha ozodlikni cheklash yoki 2-yildan 3-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Yetkazilgan moddiy zararning oʻrni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qoʻllanilmaydi. Birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxs, agar u yetkazilgan moddiy zararning oʻrnini jinoyat aniqlangan kundan eʼtiboran oʻttiz kunlik muddatda qoplagan boʻlsa, javobgarlikdan ozod etiladi.
1493-modda (Ixtiroga, foydali modelga, sanoat namunasiga, integral mikrosxema topologiyasiga va seleksiya yutugʻiga boʻlgan huquqlarni buzish)ga koʻra, tegishli patentlangan ixtironi, foydali modelni, sanoat namunasini oʻz ichiga olgan mahsulotni yoki buyumni ruxsatsiz tayyorlash, qoʻllash, import qilish, sotishga taklif qilish, sotish, fuqarolik muomalasiga boshqa yoʻsinda kiritish yoki shu maqsadda saqlab turish, shuningdek ixtiro patenti bilan muhofaza qilinayotgan usulni qoʻllash yoxud bevosita ixtiro patenti bilan muhofaza qilinayotgan usul bilan tayyorlangan mahsulotni fuqarolik muomalasiga kiritish yoki shu maqsadda saqlab turish, muhofaza qilinadigan integral mikrosxema topologiyasini, shu topologiyali integral mikrosxemani yoki shunday integral mikrosxemani oʻz ichiga olgan buyumni ruxsatsiz qoʻllash, Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish, sotuvga qoʻyish, sotish, takrorlash va boshqacha tarzda fuqarolik muomalasiga kiritish, patentlangan seleksiya yutugʻini ruxsatsiz yetishtirish va takror yetishtirish (koʻpaytirish), nav yoki nasllilik konditsiyalariga yetkazish, seleksiya yutugʻidan ruxsatsiz foydalangan holda yaratilgan mahsulotni sotishga taklif etish, sotish, Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish, Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqish va boshqacha tarzda fuqarolik muomalasiga kiritish yoki saqlash koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan boʻlsa, BHM ning 50 baravaridan 75 baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2-yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2-yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.
Oʻsha harakatlar takroran, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, xizmat mavqeidan foydalangan holda, juda koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan boʻlsa, BHM ning 75 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 soatdan 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2-yildan 3-yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2-yildan 3-yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.
Birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxs, agar u yetkazilgan moddiy zararning oʻrnini jinoyat aniqlangan kundan eʼtiboran oʻttiz kunlik muddatda qoplagan boʻlsa, javobgarlikdan ozod etiladi.
3) 2025-yil 10-noyabrdan boshlab 661-modda (Yarashilganligi munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod qilish)ning birinchi qismiga koʻra, muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlarini buzish, mualliflik huquqini va turdosh huquqlarni buzish, oʻzganing tovar belgisidan, xizmat koʻrsatish belgisidan, geografik koʻrsatkichidan, tovar kelib chiqqan joy nomidan yoki adashtirib yuborish darajasida ular bilan oʻxshash boʻlgan belgilardan shu turdagi tovarlarga (xizmatlarga) nisbatan qonunga xilof ravishda foydalanish yoxud oʻzganing firma nomidan qonunga xilof ravishda foydalanish, ixtiroga, foydali modelga, sanoat namunasiga, integral mikrosxema topologiyasiga va seleksiya yutugʻiga boʻlgan huquqlarni buzish jinoyatlarni sodir etgan shaxs, agar u oʻz aybiga iqror boʻlsa, jabrlanuvchi bilan yarashsa va yetkazilgan zararni bartaraf etsa, jinoiy javobgarlikdan ozod etilishi mumkin.
2025-yil 10-noyabrdan kuchga kiradigan oʻzgarishlar intellektual mulk sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi qatʼiy javobgarlik belgilaydi. Bu qonun ijodkorlar, tadbirkorlar va ilmiy izlanuvchilar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Chunki huquqiy himoya — ijod va innovatsiya rivojining asosiy shartlaridan biridir.
Zayniddin Shamsidinov,
Toshkent davlat yuridik universiteti,
Jinoyat huquqi, kriminologiya va korpupsiyagaqarshi kurashish dotsenti v.b.,
yuridik fanlar boʻyicha falsafa doktori(PhD)