Qarorga koʻra, 2021-yil 1-apreldan:
tovar belgisi va xizmat koʻrsatish belgisining faqat tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan shaxs nomiga roʻyxatdan oʻtkazilishiga nisbatan qonunchilikdagi mavjud cheklovlar bekor qilinadi;
intellektual mulk obyektlarini davlat roʻyxatiga olish muddatlarini keskin qisqartirish imkoniyatlarini yaratuvchi tezkor ekspertiza tartibi joriy etiladi.
Intellektual mulk agentligi (Agentlik) faoliyatida intellektual mulk obyektlariga talabnomalarni davlat ekspertizasidan oʻtkazish jarayonida autsorsing usullarini qoʻllash tajribasi yoʻlga qoʻyiladi.
2021-yil 1-iyunga qadar davlat boshqaruvi organlari va davlat korxonalari, ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim tashkilotlariga tegishli boʻlgan intellektual mulk (mualliflik huquqi, turdosh huquqlar va sanoat mulki) obyektlari toʻliq xatlovdan oʻtkaziladi.
Eksport ulushi umumiy tovar aylanmasining 60 foizidan ortigʻini tashkil etadigan eksport qiluvchi, shuningdek, qishloq xoʻjaligi va hunarmandchilik sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar uchun tovar belgilarini 2021-2022-yillarda milliy roʻyxatdan oʻtkazish bepul amalga oshiriladi.
2021-yil 1-oktyabrga qadar Agentlik huzuridagi “Patent platformasi” ishga tushiriladi.
Platforma elektron shaklda real vaqt rejimida yuritiladi hamda unga tadbirkorlar ixtiyoriy va bepul asosda kiritiladi.
Shuningdek, eng yaxshi intellektual mulk obyektlari yaratuvchilarini Agentlik tomonidan Butunjahon intellektual mulk tashkilotining maxsus mukofotlariga taqdim etish boʻyicha tavsiyalar kiritiladi.
Agentlik tomonidan bir yilda bir marta “Eng yaxshi intellektual mulk obyekti” tanlovi tashkillashtirilib, tanlov gʻoliblariga tegishlicha bazaviy hisoblash miqdorining 30, 25, 20 baravari miqdorida pul mukofotlari topshiriladi.