Tadbirda har sohada faol va tashabbuskor xotin-qizlarning, tadbirkor va hunarmand ayollarning qoʻl mehnati natijasida tayyorlangan turli koʻrinishdagi buyumlar, jumladan, bejirim kiyim-kechaklar, taqinchoqlar, kulolchilik mahsulotlari koʻrgazmasi namoyish etildi.

Tanlov gʻoliblarini taqdirlash marosimida bugungi kunda yurtimizda xotin-qizlarimizga baxtli yashashi, intellektual va maʼnaviy yuksalishi, kasbiy hamda oilaviy majburiyatlarni hamohang tarzda bajarishi uchun keng imkoniyatlar yaratilayotganini taʼkidlandi.

Qayd etilganidek, mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga oʻzlarining ulkan hissasini qoʻshib kelayotgan, oilada va farzand tarbiyasida ibrat boʻlish bilan birga oʻzi faoliyat koʻrsatayotgan tashkilotlar nufuzini oshirishda faol qatnashayotgan turli soha egalari boʻlgan xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida oʻtkazib kelinayotgan ushbu milliy tanlovlar ishtirokchilar orasida professionallik, ishbilarmonlik muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.

“Yil ayoli” va “Gender tenglik faoli” milliy tanlovlari viloyat bosqichi gʻoliblarini aniqlash maqsadida tuman, shahar bosqichlarida yuqori natijalarga erishgan 70 nafardan ziyod ayollarning kasbiy faoliyatini aks ettiruvchi, erishgan yutuqlari jamlangan hujjatlari koʻrib chiqildi.

Natijalarga koʻra, Urganch davlat Universiteti dotsenti Shoira Nurillayeva “Yilning eng kuchli maʼnaviy-maʼrifiy targʻibotchisi” sifatida mutlaq gʻolib boʻlib, 1-oʻrinni, Xonqa tumanidagi “Sobirjon Yusuf” fermer xoʻjaligi rahbari Oyimjon Otajonova “Yilning eng ilgʻor tadbirkor ayoli” eʼtirofiga munosib koʻrilib, 2-oʻrinni, Xiva tuman tibbiyot birlashmasining ambulator xizmat boʻyicha boshliq oʻrinbosari Feruza Yusupova “Oʻz kasbining ustasi boʻlgan yil ayoli” sifatida 3-oʻrinni qoʻlga kiritdi.

Shuningdek, “Yilning eng vatanparvar ayoli”, “Yilning eng yaxshi ijodkor ayoli”, “Oʻz kasbining ustasi boʻlgan yil ayoli”, “Yilning eng kuchli maʼnaviy-maʼrifiy targʻibotchisi”, “Yilning eng jonkuyar ustozi”, “Yilning eng faol sogʻlom turmush tarzi targʻibotchisi”, “Yilning eng yangi gʻoyalar tashabbuskori”, “Yilning eng faol olima ayoli”, “Yilning eng ilgʻor tadbirkor ayoli”, “Yilning eng yaxshi IT — dasturchi ayoli” nominatsiyalari gʻoliblari ham aniqlandi.

“Urganch milliy tikuvchilik” oilaviy korxonasi rahbari Feruza Hasanova “Eng faol tadbirkorlik subyekti” sifatida “Gender tenglik” 2022 milliy tanlovining viloyat bosqichi gʻolibi boʻldi.

Gʻoliblar Xorazm viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasi tomonidan diplom hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

- Har yili anʼanaviy oʻtkazib kelinayotgan mazkur tadbirning bu yilgi musobaqasida gʻoliblar shohsupasiga chiqishim, va ayniqsa shaxsan Oʻzbekiston qahramoni Anora Mahmudovaning qoʻlidan mukofot olishim menga tetiklik ruhi va kuch-gʻayrat bagʻishladi, — deydi Feruza Yusupova. — Oʻylaymanki, kelgusi yilgi bellashuvlarda bundanda yuqori koʻrsatkichlarga ega boʻlaman.

Taqdirlash marosimi yakunida tashil etilgan madaniy dastur, xushovoz xonandalar ijrosidagi kuy-qoʻshiqlar opa-singillarimizga koʻtarinki kayfiyat ulashdi.

Gulnoza Umirova,

Xorazm viloyati Oila va xotin-qizlar

boshqarmasi matbuot kotibi.