Intellektual va tashabbuskor yoshlar - davlatning strategik resursi

    Keyingi avlod 7 Sentabr 2021 3758

    Mamlakatning kelajagi avvalo yoshlarning yuksak saviyadagi bilimi, komil tarbiyasi va intellektual taraqqiyoti bilan bevosita bogʻliq.

    Zero, yuksak taraqqiyot sari yoʻl – faqatgina yangi zamonaviy bilimlar, innovatsiyalar va inson kapitaliga asoslangan raqamli iqtisodiyotni shakllantirish orqaligina oʻtadi. Bu esa, yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ular uchun qulay shart-sharoit va imkoniyatlar yaratish borasida keng koʻlamli ishlarni amalga oshirishni taqozo etadi. Keyingi yillarda Oʻzbekistonda ham bu borada samarali ishlar amalga oshirilmoqda desam mubolagʻa boʻlmaydi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi Oʻzbekiston” bogʻida, barpo etilgan “Mustaqillik” monumenti poyida turib, Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimda soʻzlagan nutqida: “Bugun biz yagona xalq, yagona millat boʻlib, koʻzlagan yuksak maqsadlarimiz sari dadil bormoqdamiz. Vujudimizda, qonimizda ajdodlarimizdan meros buyuk qudrat joʻsh urayotgan ekan, biz ezgu orzu va maqsadimiz boʻlmish yangi Oʻzbekistonni albatta bunyod etamiz. Oʻzbekiston har tomonlama obod va farovon, erkin demokratik mamlakatga aylanadi...” – degan soʻzlari har birimizda unutilmas taassurot, ishonch va umidlar oʻygʻotdi.

    Xalqimizning ulugʻvor qudrati joʻsh urgan hozirgi zamonda Oʻzbekistonda yangi bir uygʻonish – Uchunchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda, desak, ayni haqiqat boʻladi. Chunki bugungi Oʻzbekiston-kechagi Oʻzbekiston emas. Bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas.

    Taʼkidlash joizki, oʻz orzu-umidlari, intilishlari va maqsadlarini roʻyobga chiqarish yoʻlida gʻayrat-shijoat bilan, fidoyilik bilan mehnat qilayotgan tashabbuskor yigit-qizlar safi tobora kengayib borayotgani quvonarlidir.

    Bugun har birimiz, har kuni, har soatda yosh avlodning dardu tashvishi, qaygʻusi bilan yashamogʻimiz va bu borada Davlat rahbaridan ibrat olmogʻimiz darkor. Zero, Prezidentmiz tashabbusi bilan yurtimizda soʻnggi 5 yilda 64 ta yangi oliy taʼlim muassasasi tashkil etilib, ularning soni 141 taga yetkazildi. Qabul kvotasi 3 barobar oshirildi. Bitiruvchi yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasi 2016-yilgi 9 foizdan 28 foizga yetkazildi. Yaqin kelgusida ushbu koʻrsatkichni 50-60 foizga yetkazish moʻljallanmoqda.

    Prezidentimiz tomonidan “Yangi Oʻzbekiston” sharoitida ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni samarali hal etish, yurtimizda kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ana, shunday ishlarning amaliy natijasi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-iyuldagi 563-sonli “Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetining Jizzax filialini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarorini keltirish mumkin.

    Bugungi kunda filialda iqtisodiyot tarmoqlari uchun 10 ta zamonaviy taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha, jumladan, Rossiya Federatsiyasining Qozon Federal universiteti hamkorlikda 5 ta taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha bakalavrlar, 3 ta mutaxassislik boʻyicha magistrlar hamda 3 ta ixtisosliklar boʻyicha ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi.

    Bugun Prezidentimiz tashabbusi bilan oliy taʼlim sifatini yaxshilash, xorijiy tajribalarni yurtimizda ommalashtirish, taʼlimga innovatsiyalarni keng tadbiq etish borasida juda katta ishlar amalga oshirilmoqda.

    Xulosa oʻrnida taʼkidlash zarurki, bugun yoshlarning taʼlim-tarbiya olishi, kasb-hunar egallashi, yetuk va komil shaxslar boʻlib ulgʻayishi yoʻlida zamonaviy, qulay, ilgʻor va innovatsion shart-sharoitlarni yaratib berish uchun bor kuch-imkoniyatlari ishga solinmoqda. Maqsad – Uchinchi Renessans poydevorini yaratish, mamlakatimiz dunyoning eng taraqqiy etgan davlatlari qatoriga chiqishi uchun intellektual va maʼnaviy yetuk, tashabbuskor yoshlarni tarbiyalashdan iborat deb hisoblayman.

    Shuning uchun ham, Oʻzbekistonda jamiyatning eng faol qatlami sifatida eʼtirof etiluvchi yosh avlodga ertangi taraqqiyotni taʼminlovchi katta kuch, davlatning strategik resursi, deb qaralmoqda. Natijada, yuksak bilimli, gʻayrat-shijoatli, zamonaviy fikrlaydigan, mustaqil, qatʼiy pozitsiyaga ega yoshlar hal qiluvchi kuchga aylanib bormoqda.

    Olim Toʻraqulov,

    OʻzMU Jizzax filiali direktori,

    pedagogika fanlari doktori,

    professor