Qishloq xoʻjaligi vazirligining maxsus ishchi guruhi tomonidan Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligi vakillari ishtirokida Xorazm viloyatida oʻrganish ishlari olib borildi. Guruh aʼzolari Xalqaro moliya institutlari mablagʻlari yoʻnaltirilishi natijasida tashkil qilingan mevali bogʻlar, uzumzorlar hamda issiqxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Shuningdek, “tayyor holda topshirish” mexanizmi asosida bogʻ va tokzorlar, sabzavot maydonlarini barpo etish uchun ajratilgan yer maydonlarini joyiga chiqqan holda oʻrgandi. Oʻz navbatida intensiv bogʻ va tokzorlarni “tayyor holda” barpo etuvchi pudratchi tashkilotni yollash boʻyicha tender savdolarini oʻtkazish ishlarining borishi hamda maydonlarni lotlarga boʻlib aholiga ajratib berish jarayoni tahlil qilindi.

Oʻrganishlar davomida viloyatning iqlim, tuproq va suv sharoitidan kelib chiqib, bogʻ va tokzorlarda koʻchat navlarining ekilishi koʻzdan kechirildi.

-Ishchi guruhning asosiy maqsadlaridan biri – issiqxonalardagi muammolarni, ularni keltirib chiqaruvchi sabablarni oʻrganish, deydi -Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligi direktori Husniddin Karimov. -Biz fermerlar, tadbirkorlarning fikrlarini oʻrganarkanmiz, ular birinchi oʻrinda ekilgan mahsulotlarni sotib olish bosqichini yaratish taklifini ilgari surishdi. Hozirda Xorazm viloyatiga alohida agronom, alohida joy   taqsimlash dasturi ishlab chiqilyapti. Yana bir eʼtiborli jihat: viloyatda intensiv bogʻlar yaratishga  alohida eʼtibor qaratilyapti. Shu kunlarda Turkiyadan 1 million tup koʻchat keltirilyapti. Natijada 2 500 gektar yerda yangi intensiv bogʻ barpo etiladi.

Tadbir doirasida viloyatning qator tumanlarida fermer va dehqonlar uchun mevali bogʻlar, uzumzorlar va issiqxonalarni barpo etish boʻyicha maxsus seminarlar tashkil etildi.  

Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligi masʼullari ishtirokida hududlarda meva, uzum, sabzavot, kartoshka, poliz ekinlari, gul, koʻkatlar va dorivor oʻsimliklar, dukkakli va moyli ekinlarni yetishtirish, ularni saqlash, saralash, qayta ishlash va eksportini tashkil etishga koʻmaklashish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan  ayni yoʻnalishda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subeʼktlari bilan ochiq muloqotlar oʻtkazildi. Ularda bugungi kunda tashqi bozorlarda talab yuqori boʻlgan meva-sabzavot navlarini joylashtirish va yetishtirish boʻyicha tavsiyalar berildi. Agentlik tomonidan bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligi sohasida amalga oshirilayotgan hamda rejalashtirilayotgan loyihalar boʻyicha maʼlumotlar berildi.

Agentlik direktori Xusniddin Karimov hozirgi kunda respublikamizda Meva-sabzavotchilik sohasida mahsulot ishlab chiqarish, qayta ishlash, saqlash, xizmat koʻrsatish va sotish (eksport qilish) jarayonlarini oʻzaro integratsiya qilish, klasterlar (kooperatsiya) faoliyatini rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va eksport hajmini oshirish yuzasidan qilinayotgan ishlar boʻyicha maʼlumotlar berdi.

Seminarlar, uchrashuvlar, ochiq muloqotlarda tadbirkorlar, fermerlarning ham fikrlari tinglandi, takliflari olindi.

Bundan tashqari Xorazm viloyati sharoitida bugungi kunda qaysi meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish mumkinligi, qaysi mahsulotlarga talab yuqoriligi, shuningdek, meva-sabzavot sohasida qayta ishlovchi korxonalar toʻgʻrisida ular bilan hamkorlik qilish istagini bildirgan tadbirkorlik subyektlariga Agentlik tomonidan bevosita amaliy yordam berish boʻyicha kelishib olindi.