Mamlakatimizda qishloq xo'jaligini innovatsion rivojlantirish — davr talabi. Shu maqsadda yurtimizda zamonaviy laboratoriyalarga bo'lgan ehtiyoj toboro ortib boryapti.  Jomboy tumani hududida joylashgan “Sag Agro” mas'uliyati cheklangan jamiyatining laboratoriyasi ana shunday majmualardan biri sifatida ish olib bormoqda.

Prezidentimiz shu yil 15-16-aprel kunlari Samarqand viloyatiga  tashrifi davomida mazkur “In vitro” laboratoriyasi faoliyati bilan yaqindan tanishgan edi.

Umumiy qiymati 2,6 million AQSH dollari bo'lgan mazkur loyiha 2019-yil ishga tushirilgan. Natijada ilgari xorijdan olib kelingan mevali va manzarali daraxt ko'chatlarini mahalliy sharoitda tayyorlash yo'lga qo'yildi.

Bu usul ikki jihatdan juda muhim. Birinchisi, chetdan keltirilayotgan ko'chatlardagi turli kasalliklarning yurtimizga kirib kelishi va tarqalishining oldi olinadi. Ikkinchisi, mahalliy laboratoriyada yetishtirilgan ko'chatlar xorijnikiga nisbatan bir necha barobar arzon. Masalan, shu paytgacha chet eldan olib kelingan yong'oq ko'chatining bir donasi 5 dollardan 20 dollargacha tursa, bu yerda yetishtirilayotgani 3-3,5 dollarni tashkil etadi.

Agrokimyo va tuproqshunoslik laboratoriyasi ham ishga tushirilgan bo'lib, unda tuproq, suv va barg namunalarini o'rganish yo'lga qo'yilgan. Buning samaradorligi shundaki, bog'dorchilik xo'jaliklarining tuproq sharoiti o'rganilib, unga mos ko'chatlar tavsiya qilinadi. Natija nihollar xatosiz unib, mo'l hosil yetishtiriladi.

— Laboratoriya uchun 24 gektar yer ajratilgan, — deydi “In vitro” laboratoriyasi rahbari Ilyos Haydarov. — Shundan 2 gektarida zamonaviy issiqxona barpo etilgan. Yana 3 gektar yerda yangi issiqxona qurish rejalashtirilgan. Qolgan maydonda esa mamlakatimizda uchramaydigan 65 xil mevali daraxtlar ko'chati olib kelinib, parvarish qilinadi. Eng muhimi, bog'dorchilik bilan shug'ullanish niyatida kelgan xaridorlarning samarali faoliyat yuritishlari uchun ularning tuproq sharoitini o'rganib, yerga mos ko'chatlarni tavsiya qilamiz. Buning uchun tuproq tashxislash laboratoriyamiz ham tashkil qilingan.

Majmuaning yillik ishlab chiqarish quvvati 15 milliondan 20 million donagacha payvandtag hamda payvandlangan ko'chatlar yetishtirish imkonini beradi. Ayni paytda bu yerda yong'oq, bodom, shaftoli, gilos, o'rik, nok, olma kabi eksportbop mevalarning kasallikdan xoli, iqlim sharoitimizga mos ko'chatlari yetishtirilmoqda.

Joriy yil 2 million dona turli mevali va manzarali ko'chat yetishtirish rejalashtirilgan. Yil yakuniga qadar shuningdek, 500 ming dona yong'oq va bodom ko'chatlarining istiqbolli meva payvandtaglari qilinadi.

Laboratoriya 2024-yilda to'liq quvvat bilan ishlashi hisobiga bu yerda yiliga 20 million dona ko'chat yetishtirish yo'lga qo'yiladi. 2023-yildan ko'chatlar eksportga chiqarilishi rejalashtirilgan. Ushbu laboratoriya va issiqxonada 140 ta yangi ish o'rni yaratilgan.

Akram HAYDAROV,

jurnalist