Umumiy qiymati 2,5 million AQSH dollari boʻlgan loyihaning amalga oshirilishi natijasida shu paytgacha xorijdan olib kelingan mevali va manzarali daraxt koʻchatlari mahalliy sharoitda tayyorlanmoqda. Laboratoriyaning ishga tushirilishi 80 ta yangi ish oʻrni yaratilishiga zamin yaratdi.
— Faoliyatimizni boshlagan davrda xorijdan olib kelingan koʻchatlarimizning har bir donasining tannarxi 5 dollardan 20 dollargacha yetgan, — deydi “In vitro” laboratoriyasi rahbari Ilyos Haydarov. – Ayni paytda biz yetishtirayotgan koʻchatlar 3-3,5 dollar qiymatga ega boʻlmoqda. Eng muhimi, bogʻdorchilik bilan shugʻullanish niyatida kelgan xaridorlarning samarali faoliyat yuritishlari uchun ularning tuproq sharoitini oʻrganib, yerga mos koʻchatlarni tavsiya qilamiz. Buning uchun tuproq tashxislash laboratoriyamiz ham tashkil qilingan.
Laboratoriyaning yillik ishlab chiqarish quvvati 15 milliondan 20 million donagacha payvandtag, payvandlangan koʻchatlar yetishtirish imkonini beradi. Joriy yil 4 milliondan 6 million tupgacha koʻchat tayyorlandi. Bu koʻrsatkichni 2021-2022-yilga borib 20 millionga yetkazilishi koʻzda tutilgan. Ayni paytda qoʻshni Turkmaniston, Afgʻoniston, Qirgʻiz Respublikalaridan buyurtmalar kelib tushmoqda. 2023-yildan laboratoriyada yetishtirilgan koʻchatlar eksportga chiqarilishi rejalashtirilgan.