Bu haqda Jizzax viloyati IIB Matbuot xizmati xabar qildi.

Aniqlanishicha, Toshkentdagi oliy taʼlim muassasalaridan birida tahsil olayotgan Gʻallaorol tumanilik talaba oʻz sherigi bilan birgalikda virtual jamoa tuzib, unga 18 nafarga yaqin mahalliy fuqarolarni jalb qilgan. Ushbu yopiq guruhda xalqaro terrorchilik tashkilotlarining gʻoyaviy targʻibotchilariga tegishli boʻlgan, qonun bilan taqiqlangan audio va video materiallar muntazam ravishda ulashib kelingan.

Mazkur holat yuzasidan olib borilgan surishtiruvlar natijasida ikki nafar asosiy tashkilotchi protsessual tartibda ushlanib, ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 244¹-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Shuningdek, guruhning yana 9 nafar aʼzosi maʼmuriy qamoqqa olindi, qolgan ishtirokchilar bilan esa profilaktik tushuntirish ishlari olib borildi. Hozirda mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda. Mutasaddilar fuqarolarni ijtimoiy tarmoqlardagi shubhali kontentlardan ehtiyot boʻlishga va qonunga xilof diniy materiallarni tarqatmaslikka chaqiradi.