Internetda qimor va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlar uchun javobgarlik belgilanmoqda

    Xavfsizlik 1 Dekabr 2022 2129

    Onlayn qimor bilan bogʻliq jinoyatlar 2019-yilda 55 ta, 2020-yilda 86 ta, 2021-yilda 103 ta, 2022-yilning 6 oyida 90 tani tashkil etgan.

    Deputatlar koʻrib chiqayotgan qonun loyihasiga koʻra, Jinoyat kodeksida quyidagilar koʻzda tutilmoqda:

    Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlarni qonunga xilof ravishda tashkil etish, oʻtkazish yoki ularda ishtirok etish uchun telekommunikatsiya tarmoqlari yoxud Internet jahon axborot tarmogʻi orqali xizmatlar koʻrsatish, tegishli dasturiy taʼminotdan nusxa koʻpaytirish, uni koʻpaytirish, tarqatish — BHMning ellik baravaridan yetmish besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi;

    qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlarni targʻib qiluvchi mahsulotni qonunga hilof ravishda reklama qilish, namoyish etish, tarqatish maqsadida tayyorlash yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, xuddi shuningdek qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlarni targʻib qiluvchi mahsulotni qonunga hilof ravishda reklama qilish, namoyish etish, tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmogʻida reklama qilish, namoyish etish, tarqatish, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, — BHMning toʻrt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

    Shuningdek, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga kiritilayotgan qoʻshimchalarga koʻra:

    qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlarni targʻib qiluvchi mahsulotni qonunga hilof ravishda reklama qilish, namoyish etish, tarqatish maqsadida tayyorlash yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, xuddi shuningdek qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlarni targʻib qiluvchi mahsulotni qonunga hilof ravishda reklama qilish, namoyish etish, tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmogʻida reklama qilish, namoyish etish, tarqatish
    — qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlarni targʻib qiluvchi mahsulotni, shu jumladan uni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish va namoyish etish vositalarini musodara qilib, fuqarolarga BHMning yuz baravari, mansabdor shaxslarga esa – ikki yuz baravari miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

    Maʼlumot uchun: ushbu oʻyinlar, ayniqsa, “onlayn” qimor bilan bogʻliq jinoyatlar 2019-yilda 55 ta, 2020-yilda 86 ta, 2021-yilda 103 ta, 2022-yilning 6 oyida 90 tani tashkil etgan.

    Mutaxassislarning bildirishicha, bunday oʻyinlar insonda qaramlikni vujudga keltirib, katta miqdordagi pul mablagʻlari sarflashiga va ayrim fuqarolarning oʻz joniga qasd qilish, firibgarlik, byudjet mablagʻlarni talon-toroj qilish kabi harkatlar sodir etilishiga sabab boʻlmoqda.

    “Onlayn qimor”da yutqazganligi sababli 2021-yilda 6 nafar va 2022-yilning 6 oyida 6 nafar fuqaro oʻz joniga qasd qilib, vafot etgan. Ularning barchasi 25 yoshgacha boʻlgan yoshlardir.