Qoraqalpog'iston Respublikasi, Nukus shahrida yashovchi 32 yoshli A.D. ariza bilan murojaat qilib, noma'lum shaxs uning uyatli videotasvirlarini internet ijtimoiy tarmog'i orqali tarqatib yuborish bilan qo'rqitib, tarqatmaslik evaziga pul talab qilayotganligini ma'lum qilgan. Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo'linmalari tomonidan o'tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Qoraqalpog'iston Respublikasi, Chimboy tumanida yashovchi 25 yoshli (ayol) N.K. sodir etganligi aniqlangan.
Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan (ayol) N.K., jabrlanuvchi A.D. bilan ma'lum vaqt ishqiy munosabatda bo'lib kelgan va uning ishonchiga kirish orqali uning turli behayo videotasvirlarini qo'lga kiritib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatib yubormaslik evaziga 50.000.000 so'm pul talab qilib, mazkur pullarni olayotgan vaqtida Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo'linmalari tomonidan ashyoviy dalil bilan ushlanib, tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Mazkur holat yuzasidan O'zbekiston Respublikasi JKning 165-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, N.K.ning sodir etilib fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligi yuzasidan tezkor-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Qonunga muvofiq, O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.