Oliy Majlis Senati Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta'minlash masalalari qo'mitasining majlisida ham shu haqda so'z bordi. Senatorlar, Qo'mita ekspertlari, mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari, YOshlar parlamenti a'zolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan majlisda Senatning navbatdagi yalpi majlisida muhokama qilinishi nazarda tutilgan masalalar dastlabki tarzda ko'rib chiqildi va muhokama etildi.
Majlisda O'zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalar va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining mamlakatimizni Internet tezligi bo'yicha xalqaro reytingdagi o'rnini yaxshilash, shuningdek, aholining Internet tarmoqlari orqali erkin va tezkorlik bilan axborot olish imkoniyatlari bo'yicha amalga oshirilgan ishlar hamda sohaga oid qabul qilingan qonunchilik hujjatlarning ijrosi yuzasidan axboroti eshitildi.
Mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning har bir xonadon va ijtimoiy muassasa maqbul narxda yuqori tezlikdagi internetga ulanishi zarurligi haqida bir necha bor ta'kidlagan edi. Ana shu vazifalardan kelib chiqib, Internet tezligini oshirish yuzasidan mamlakatimizning xalqaro reytinglarda o'rnini yaxshilash maqsadida vazirlik tomonidan o'tgan 5 yil mobaynida qator chora-tadbirlar ishlar amalga oshirilgan. Xususan, internet tezligini oshirish maqsadida magistral telekommunikatsiya tarmog'i o'tkazuvchanligi viloyatlararo darajada 400 Gbit/s tezlikka, tumanlararo tarmoqlar tezligi esa 40 Gbit/sga etkazilgan.
Respublika hududini optik tolali aloqa liniyalari uzunligi 4,5 barobarga keng polosali portlar soni 3,5 barobarga oshirilgan. Vazirlik tomonidan mobil aloqa tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida 2021- yilda 9 000 ta baza stantsiyalari qurilib ishga tushirilgan, ularning umumiy soni 40 mingtaga, respublika aholi maskanlarini mobil aloqa bilan qamrovi darajasi 98 foizga va mobil Internet tarmog'iga keng polosali ulanish qamrovi darajasi 93 foizga etkazilgan.
2021- yilning III choragi yakuniga Davlat xizmatlarini elektron shaklda ko'rsatish bo'yicha YAgona interaktiv davlat xizmatlari portalida 276 ta turdagi xizmatlar onlayn shaklda ko'rsatilishi yo'lga qo'yilgan.
Bugungi kunda Yagona portal (my.gov.uz)da ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar soni 850 mingdan ortgan. Ular tomonidan Yagona portal xizmatlaridan jami 2,3 mln. marotaba foydalanilgan.
Shuningdek, aholi va tadbirkorlarga davlat xizmatlarini ko'rsatishda qulayliklar yaratish maqsadida, hududlarda 750 ta pochta aloqasi ob'ektlarida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali platformasidan foydalangan holda 30 turdagi davlat xizmatlarini taqdim etilmoqda.
Pochta xizmatlari yaxshi yo'lga qo'yilishiga qaramasdan, afsuski, chekka va olis hududlardagi aholining tuman va shaharlaridagi Davlat xizmatlari markazlariga murojaatlari soni kamaymagan.
Majlisda senatorlar va ekspertlar tomonidan AKT sohasi faoliyatini yanada yaxshila borasida fikr-mulohazalar bildirildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati axborot xizmati.