Unda shaharda yangi investitsiya loyihalari, yaratiladigan ish oʻrinlari hamda ishga tushirilishi rejalashtirilayotgan yirik korxonalar haqida maʼlumot berildi.

Qayd etilishicha, Samarqand shahrida 2020-2022-yillar davomida umumiy qiymati 3 trillion 249 milliard 204 million soʻm boʻlgan 108 ta loyiha amalga oshirilishi belgilangan. Natijada 4 ming 925 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi.

2020-yilning oʻtgan davrida belgilangan reja ortigʻi bilan uddalandi va 71 ta loyiha amalga oshirilib, 473 milliard 617 million soʻm oʻzlashtirildi.

Joriy yil yakuniga koʻra jami 83 ta loyiha ishga tushirilishi va 1,2 trillion soʻm qiymatidagi sarmoyalar oʻzlashtirilishi, natijada 1 ming 523 ta yangi ish oʻrinlari yaratilishi kutilmoqda.

Jumladan, “SAM ANTEP GILAM” MCHJ negizida umumiy qiymati 30,2 milliard soʻm boʻlgan gilam va gilam mahsulotlari ishlab chiqarish, “SAM TURK BETON” MCHJ negizida umumiy qiymati 10,3 milliard soʻm boʻlgan beton mahsulotlari, “Sam Fiorenta” MCHJ negizida umumiy qiymati 12,3 milliard soʻm boʻlgan gaz plitalari ishlab chiqarish loyihalari ishga tushirildi.

2021-yilda shaharni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha shakllantirilgan dasturga koʻra jami 3,5 trillion soʻmlik, 220 ta loyiha ishlab chiqildi. Ushbu loyihalar ishga tushirilgach 2021-yilda qoʻshimcha 5 ming 400 nafar ish oʻrinlari yaratilishi rejalashtirildi.

Samarqand shahrining 2020-yil toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar boʻyicha rejasi 64,5 million dollar boʻlib, bugungi kunda 59 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va xorijiy kreditlar oʻzlashtirildi. Joriy yil yakunga koʻra 65 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va xorijiy kreditlar oʻzlashtirilishi kutilmoqda.

Misol uchun, Samarqand shahrining Xishrav-2 massivida “AZIA METALL PROF” masʼuliyati cheklangan jamiyatining yirik investitsion loyihasi bosqichma-bosqich ishga tushirilmoqda. Korxonaning xorijiy hamkori Xitoyning “Xinjifng Zhongde Jiarun Trade Co.Ltd” kompaniyasi hisoblanadi.

– Loyihaning umumiy qiymati 80 million AQSH dollarini tashkil etadi, – deydi korxona rahbari Odiljon Boltayev. – Shundan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya miqdori 31,5 million AQSH dollari boʻlib, qolgan mablagʻ oʻz mablagʻlarimiz hisobidan qoplanadi. Bu yerda qurilish – montaj ishlari 2017-yilda boshlangan. 3 bosqichdan iborat loyihaning birinchi bosqichi 2018-yil avgust oyida toʻliq quvvat bilan ish boshladi. Mazkur seximizda bugun 31 turdagi turli oʻlchamdagi metall quvurlar ishlab chiqarilmoqda. Ikkinchi seximizda qurilishda import oʻrnini bosuvchi tunuka mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha texnologiyalar oʻrnatilmoqda. Ushbu loyihalar ishga tushirilishi natijasida 500 dan ziyod yangi ish oʻrinlari yaratilishi belgilab olingan. Korxona yiliga 190 ming tonna metall mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Xitoyning “Urumqi Tongyale International Trade Co., Ltd” kompaniyasi bilan tuzilgan hamkorlik shartnomasiga muvofiq, metall quvurlar va sendvich panellar ishlab chiqarish sexining yillik quvvati 30 ming tonna. Sendvich panel ishlab chiqarish sexida oyiga 30 ming kvadrat metr mahsulot tayyorlanmoqda. Har ikki sexda 260 nafardan ortiq ishchi mehnat qilmoqda.

– Bir necha yil davomida Rossiyada, oilamdan uzoqda mehnat qildim, – deydi korxona ishchisi Shehroz Shaymanov. – Oʻzim Pastdargʻom tumanida yashayman. Bir nafar farzandim bor. 2019-yil mazkur korxonaga ishga kirdim. Mana endi oʻz yurtimda, oilam bagʻrida ishlayapman. Bu yerda barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Kelib-ketish uchun transport ajratilgan. Maoshlarimiz oʻz vaqtida berilyapti. Yurtim taraqqiyotiga oʻz hissamni qoʻshayotganimdan xursandman.

Ayni paytda bu yerda uchinchi sex qurilishi qizgʻin davom etayotir. Xorijlik hamkorlarning 16 million 500 ming AQSH dollari qiymatidagi investitsiyasi ishtirokida maxsus ishlov berilgan qurilishbop metall profil ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Mazkur metall profillar sanoat usulida ranglangani va polemerlangani uchun uzoq muddat sifatini yoʻqotmaydi. Eng muhimi, mazkur sexda yana 300 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.

Lutfulla Suvonov,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri