Investitsiya loyihalarini amalga oshirish mexanizmlari takomillashtiriladi

    Biznes 12 Fevral 2025 1102

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari ishtirokidagi loyihalarni tayyorlash va amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori (PQ-51-son, 11.02.2025-y.) qabul qilindi.

    Qarorga koʻra, 2025-yilda xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari (XMI/XHMT) ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirish boʻyicha quyidagi maqsadli koʻrsatkichlar belgilandi:

    • davlat kafolati ostida jalb qilinadigan kreditlar hisobidan belgilangan miqdoridagi mablagʻlarni oʻzlashtirish;
    • kafolatlanmagan kreditlar hisobidan belgilangan miqdoridagi mablagʻlarni oʻzlashtirish;
    • belgilangan miqdoridagi istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlarini oʻrganish.

    Mazkur maqsadli koʻrsatkichlarga erishishni taʼminlash uchun xalqaro XMI/XHMT ishtirokidagi investitsiya loyihalari bilan ishlash boʻyicha Favqulodda shtab va uning hududiy shtablari tashkil etiladi.

    XMI/XHMT ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirish guruhlarini tuzish amaliyoti 2025-yil 1-martdan bosqichma-bosqich tugatiladi va barcha funksiyalari Loyihani ijro etuvchi agentliklarning tegishli boʻlinmalariga yuklatiladi.

    2025-yil 1-iyungacha “Investitsiya loyihalarini amalga oshirishni nazorat va monitoring qilish” avtomatlashtirilgan axborot tizimi ekspertizadan oʻtkazilib, XMI/XHMT tomonidan moliyalashtiriladigan loyihalar doirasida elektron xaridlarni amalga oshirish boʻyicha maxsus axborot portali ishga tushiriladi hamda raqamli xarid tartib-qoidalariga oʻtiladi.