Investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi ustidan nazorat onlayn tarzda olib boriladi

    Investitsiyalar 21 Aprel 2021 879

    Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida “Investitsiya loyihalarini amalga oshirishni nazorat va monitoring qilish” avtomatlashtirilgan axborot tizimi ishga tushirildi.

    Ushbu tizim investitsiya loyihalarining haftalik monitoringini olib borishni koʻzda tutadi, uning maqsadi esa pandemiyadan keyingi davrda loyihalarning kechikib ishga tushirish xavfini oldini olishdan iborat.

    Turli hududlarda joylashgan investitsiya loyihalarining amalga oshirilishini onlayn kuzatib borish mumkin boʻladi, bu esa loyiha siklining turli bosqichlarida yuzaga keladigan muammolarni tezda hal qilish va mavjud kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etish imkonini beradi.

    Avtomatlashtirilgan tizim investitsiya loyihalarini amalga oshirishning hozirgi holati haqida maʼlumotga ega platforma boʻladi. Maʼlumotlar bazasi muntazam ravishda dolzarb maʼlumotlar bilan yangilanadi.

    Ayni paytda “Investitsiya loyihalarini amalga oshirishni nazorat va monitoring qilish” avtomatlashtirilgan axborot tizimi pilot rejimida ishlayapti. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, mahalliy hokimiyat organlari hamda tijorat banklari xodimlari tomonidan joriy etilayotgan loyihalar ijrosi yuzasidan haftalik monitoringi olib borilmoqda.

    Korxonalarga biriktirilgan mutasaddilar har haftada joylarga chiqib, qurilish ishlari borishini, asbob-uskunalar yetkazib berish va oʻrnatishning hozirgi holatini hamda qurilayotgan ishlab chiqarish obyektlarini ishga tushirish bilan bogʻliq boshqa vazifalar ijrosini oʻrganmoqda.

    Avtomatlashtirilgan tizimni shtat rejimida toʻliq ishga tushirish joriy yilning 1-iyulidan boshlab rejalashtirilgan.