Investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi va tashqi savdoni monitoring qilish inspeksiyasi tashkil etildi

    Investitsiyalar 24 Avgust 2020 1281

    2020-yil 18-avgustda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PF–6042-sonli “Respublikada eksport va investitsiya salohiyatini yana-da rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi.

    Farmonga muvofiq, eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi yangilangan tarkibda tasdiqlandi.

    Hukumat komissiyasi Prezidentning respublika hududlariga tashriflari yakunlari boʻyicha qabul qilingan bayonnoma topshiriqlarining eksport, investitsiyalar, hududiy sanoatni rivojlantirish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hamda boshqa tashqi iqtisodiy aloqalar sohasidagi qismining ijrosini taʼminlaydi.

    Hukumat komissiyasining Ishchi organlari:

    - Vazirlar Mahkamasining Investitsiyalar, eksportni qoʻllab-quvvatlash va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari kotibiyati;

    - Sanoat va uning bazaviy tarmoqlarini hamda korporativ aloqalarini rivojlantirish masalalari departamenti hisoblanadi.

    Farmonga koʻra, har bir hududda “sanoat klasterlari” tashkil etiladi.

    Farmon bilan shuningdek, Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida Investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi va tashqi savdoni monitoring qilish inspeksiyasi (Inspeksiya) tashkil etildi.

    Inspeksiya zimmasiga Hisob palatasining quyidagi:

    - Prezidentning oliy darajadagi tashriflari davomida imzolangan hujjatlari ijrosini nazorat qilish;

    - strategik korxonalar ishtirokidagi investitsiya loyihalarining toʻliq va oʻz vaqtida bajarilishi ustidan nazoratni tashkil etish;

    - mahalliylashtirish jarayonini yana-da takomillashtirish, byudjet tashkilotlari, byudjet mablagʻlarini oluvchilar va monitoring yuritiladigan korxonalar tomonidan import qilingan mahsulotlarning asoslanganligini oʻrganish boʻyicha funksiyalari yuklandi.

    Inspeksiya faoliyati Hukumat komissiyasi tomonidan muvofiqlashtiriladi, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.