Yigʻilishda komissiyaning barcha aʼzolari, vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari rahbarlari, shuningdek, videokonferensiya orqali investitsiyalar va eksport masalalari boʻyicha viloyat, tuman va shahar hokimlarining oʻrinbosarlari ishtirok etdi.
Yigʻilish davomida eksport koʻrsatkichlariga taʼsir etuvchi omillar tahlil qilinib, mavjud muammolarni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqildi va mutasaddi rahbarlarga ularni amalga oshirish yuzasidan aniq koʻrsatmalar berildi. Xususan, mahalliy qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilarining mahsulotlarini tashqi bozorlarga olib chiqish ishlariga alohida eʼtibor qaratish topshirildi. Tadbirkorlarga kredit resurslarini oʻz vaqtida ajratish masalalarini hal etishda tijorat banklari rahbarlarida faollik yetishmasligi ham alohida taʼkidlandi.
Bundan tashqari, yigʻilish kun tartibi doirasida investitsiya faoliyati masalalari koʻrib chiqildi – joriy yil oxiriga qadar Respublikada umumiy qiymati 6,5 milliard dollarga teng 226 ta yirik investitsiya loyihasi ishga tushirilishi va shuning hisobiga 34 ming yangi ish oʻrni yaratilishi kutilmoqda. Komissiya rahbariyati ushbu vazifani amalga oshirishning hozirgi holatini oʻrganib, masʼul rahbarlarga ishga tushirilishi kelishilgan jadvaldan ortda qolayotgan loyihalar boʻyicha ishlarni jadallashtirish uchun alohida “yoʻl xaritalarini” ishlab chiqish va tasdiqlash haqida koʻrsatma berdi. Shuningdek, mazkur loyihalar va tegishli “yoʻl xaritalari”ning amalga oshirilishi ustidan nazorat Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi va tashqi savdoni monitoring qilish inspeksiyasi tomonidan olib borilishi maʼlum qilindi.
Davlatimiz rahbarining tashriflari chogʻida shakllantirilgan hududiy investitsiya dasturlarini amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi. Joriy yilda hududiy investitsiya dasturlari doirasida 8 718 investitsiya loyihasi hayotga tatbiq etilishi natijasida 201,2 mingta yangi ish oʻrni yaratish rejalashtirilganligi taʼkidlandi. Shu bilan birga, joriy yilning 1-choragida 1 374 loyiha ishga tushirildi va shuning hisobiga 17,2 mingta yangi ish oʻrni yaratildi. Shu oʻrinda mavjud boʻlgan muammoli masalalarni oʻz vaqtida aniqlash va hal etish uchun tadbirkorlar va eksportchilar bilan bevosita oʻzaro hamkorlikni jadallashtirish zarurligi qayd etildi.
Yigʻilish yakunlari boʻyicha vazirliklar, idoralar, tijorat banklari va mahalliy hokimliklar masʼul rahbarlariga eksport koʻrsatkichlarini yaxshilash boʻyicha samarali chora-tadbirlarni amalga oshirish va tasdiqlangan investitsiya loyihalarini oʻz vaqtida ishga tushirish yuzasidan aniq koʻrsatmalar berildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.