“Investitsiya” vasvasasi

    Surxondaryo viloyatida yashovchi fuqaro E.Q. oʻzining bank kartasidagi 3.260.000 soʻm pullari nomaʼlum shaxs tomonidan oʻzlashtirib olingani boʻyicha IIBga murojaat qildi.

    Bu haqda IIV TQD Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.

    Kelib tushgan arizaga asosan tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik boʻlinmalari xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida, mazkur jinoyatni Toshkent shahrida yashovchi P.D. sodir etganligi aniqlandi.

    Maʼlumotlarga koʻra, P.D., jabrlanuvchi E.Q. bilan Telegram messenjeridagi guruhlarning birida tanishib, investitsiya kiritish borasida uni ishontiradi, pullarini oz fursatda 2 baravarga koʻpaytirib berishni vaʼda qilib, aldov yoʻli bilan 3.260.000 soʻm miqdoridagi pul mablagʻlarini oʻtkazib oladi va mazkur pullarni oʻz ehtiyojlariga sarflab yuboradi.

    Hozirda holat yuzasidan P.D.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

    Eslatib oʻtamiz, Qonunga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “g” bandidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 5-yildan 8-yilgacha jazosi nazarda tutilgan.