Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi rahbari Laziz Kudratov Avazada bir qator uchrashuvlar oʻtkazdi

    2025-yil 5–6-avgust kunlari Turkmanistonning Avaza shahrida dengizga chiqishi boʻlmagan rivojlanayotgan davlatlar boʻyicha BMTning Uchinchi konferensiyasi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Turkmaniston hukumat vakillari va xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazdi.

    Xususan, Turkmaniston Savdo va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Nazar Agahanov, Turkmaniston Sanoat va qurilish vaziri Toyguli Nurov, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Sanoatni rivojlantirish tashkiloti (YUNIDO) bosh direktorining oʻrinbosari Fatu Xaydara va Yevropa Iqtisodiy Komissiyasi (YEIK) ijrochi kotibining oʻrinbosari Dmitriy Maryasin bilan muzokaralar boʻlib oʻtdi.

    Asosiy eʼtibor savdo-iqtisodiy va transport-logistika sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va ustuvor tarmoqlarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga qaratildi.

    Turkmaniston tomoni bilan chegara savdo zonasining (Shavat, Xorazm viloyati – Dashoguz, Dashoguz velayati) faoliyat yuritish toʻgʻrisidagi Shartnomani imzolash va uni yaqin kelajakda ishga tushirish boʻyicha kelishuvga erishildi. Bu ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro savdoni oshirish va biznes faoliyatini ragʻbatlantirishda muhim qadam boʻladi. Shuningdek, Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasidagi oʻzaro savdo hajmini 2 milliard dollargacha yetkazish boʻyicha qoʻshma tadbirlar rejasini tasdiqlash masalasi kelishib olindi.

    Maʼlumot uchun: 2024-yilda Turkmaniston bilan tovar ayirboshlash hajmi 1,15 milliard dollarni tashkil etdi. 2025-yilning birinchi yarmida oʻzaro savdo hajmi taxminan 500 million dollar atrofida boʻldi.

    YUNIDO bilan sanoat, infratuzilmani modernizatsiya qilish, energiya samarador texnologiyalarini joriy etish, inson kapitalini rivojlantirish sohalaridagi tashabbuslarni oʻz ichiga olgan oʻrta muddatli Qoʻshma Hamkorlik Dasturini tasdiqlash boʻyicha kelishuvga erishildi.

    YEIK bilan Markaziy Osiyo iqtisodiyotlari uchun maxsus dastur (SPEKA) doirasida hamkorlikni kengaytirish, yashil iqtisodiyot, innovatsiyalar, logistika, aqlli qishloq xoʻjaligi va boshqa yoʻnalishlarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama etildi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.