2021-yilda erishilgan natijalar tahlili hamda joriy yilda tizimli va samarali ishlarni tashkil etish boʻyicha koʻrilgan chora-tadbirlar yuzasidan vazirning barcha oʻrinbosarlari hamda Vazirlikning tarkibiy boʻlinmalari va uning idoraviy mansub tashkilotlar rahbarlarining hisobotlari eshitildi.
Vazirlikning tarkibiy boʻlinmalar boshliqlari tomonidan shu oy, birinchi chorak va umuman joriy yil uchun aniq tadbirlar, ijro muddatlari va kutilayotgan natijalardan iborat aniq va manzilli ish rejalari taqdim etildi.
Asosiy hamkor mamlakatlar kesimida ikki tomonlama investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy munosabatlarning bugungi holati, qoʻshma dastur va loyihalarning amalga oshirilishi, shuningdek, oliy darajadagi tashriflar chogʻida erishilgan kelishuvlarning roʻyobga chiqarilishi yuzasidan axborot berildi. Asosiy sheriklar bilan iqtisodiy munosabatlarni kengaytirish boʻyicha rejalashtirilgan chora-tadbirlar, ishlab chiqilayotgan loyihalar va savdo bitimlari, xorijiy investorlar va savdo hamkorlarini jalb qilishning yangi mexanizmlari haqida hisobot berildi. Oʻzaro munosabatlarning barcha sohalarida va har bir hamkor mamlakat uchun xalqaro tadbirlarni tashkil etish hamda ikki tomonlama sheriklikni ilgari surish boʻyicha aniq vazifalar va ularni amalga oshirish muddatlari belgilangan rejalarni ishlab chiqish topshirildi.
Xalqaro moliya institutlari, donorlar va rivojlanish boʻyicha hamkorlar bilan oʻzaro munosabatlarning holati koʻrib chiqildi. Jalb etilayotgan mablagʻlar va grantlar hisobidan amalga oshirilayotgan qoʻshma ijtimoiy va investitsiyaviy loyihalarni hayotga joriy etishni jadallashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Davlat va hududiy investitsiya dasturlarining ijrosi, ishga tushirilgan loyihalar faoliyatining monitoringi, mahalliy eksportchilarni qoʻllab-quvvatlash va eksport salohiyatini yuksaltirish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, shuningdek, Vazirlik vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar oʻrganildi.
Har bir xodim faoliyatining samaradorligini baholash tizimini ishlab chiqish, uning mehnat natijadorligini baholashning aniq vazifalari va mezonlarini belgilash topshirildi. Shuningdek, umumiy vazifalarni hal etishda sinergetik samaraga erishish uchun Vazirlikning turli tarkibiy boʻlinmalari va idoraviy mansub tashkilotlari oʻrtasida yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyish zarurligi taʼkidlandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.