Mazkur tadbir Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiya tomonidan tashkil etildi.

Tadbirdan koʻzlangan maqsad davlat sektori korxonalari mutaxassislarining davlat-xususiy sheriklikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha bilimini oshirish, salohiyat va koʻnikmalarini takomillashtirishdan iborat.

Konferensiyada Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiya boʻlinmalari rahbarlari, tadqiqot va tahliliy tuzilmalarning yetakchi ekspertlari, Xitoy, Eron, Turkiya, Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Tailand, Singapur, Malayziya rasmiy doiralari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda barqaror, hayotiy va rentabel loyihalarni tayyorlashda texnik koʻmak koʻrsatish masalalari muhokama qilindi. Ishtirokchilar tanlangan loyihalarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishini taʼminlaydigan amaliy tadqiqotlar, jumladan, narx va sifat nisbati tahlili, texnik-iqtisodiy asoslar va biznes-rejalarni ishlab chiqish holati bilan tanishdi.

Xalqaro videokonferensiyada Oʻzbekiston nomidan Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori oʻrinbosari Umid Obidxojayev taqdimot qildi va ishtirokchilarni moliyalashtirishning markazlashgan manbalari hisobidan amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari samaradorligini baholash boʻyicha metodika bilan tanishtirdi.

Metodika markaz tomonidan Osiyo taraqqiyot bankining infratuzilma loyihalarini iqtisodiy baholash boʻyicha koʻrsatmasi asosida ishlab chiqilgan boʻlib, talab, foyda va xarajatlar, xatarlar va resurslarni taqsimlash tahlilini oʻz ichiga olgan qator masalalarni qamraydi.

Markaz direktori oʻrinbosari oʻz taqdimotida soliq toʻlovchilar yoki tashqi qarz hisobiga moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalari rentabelligini baholash koʻplab rivojlanayotgan mamlakatlar uchun dolzarb ekanini taʼkidladi.

Davlat kafolati ostidagi tashqi qarzlarni qisqartirish rejalashtirilgan boʻlib, investitsiya va infratuzilma loyihalariga koʻproq xususiy kapital jalb qilinadi. Bu yil davlat-xususiy sheriklik asosida qirqdan ortiq yirik va oʻrta loyihani boshlash rejalashtirilgan.

— Bugungi taqdimotdan maqsad xalqaro ekspertlarning metodikamiz toʻgʻrisidagi konstruktiv fikr-mulohazalarini olishdir. Markaz metodikasida keltirilgan tavsiyalar moliyalashtirishning markazlashgan manbalaridan, shu jumladan, tashqi qarz hisobiga moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalarini iqtisodiy tahlil qilishga umumiy yondashuvni belgilaydi. Bunda loyihalarni tanlash, amalga oshirish va toʻliq loyihalash parametrlariga erishilgunga qadar investitsiyadan keyingi davr bosqichlari nazarda tutilgan, — deydi U.Obidxojayev.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

jamoatchilik bilan aloqalar xizmati