U oʻz nutqida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan hamda xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etilgan keng koʻlamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning muvaffaqiyati, respublikamizning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvi yoʻlidagi dadil qadamlar, shuningdek, xorijiy investorlar, xalqaro moliya institutlari va tashkilotlarining Oʻzbekistonga qiziqishi ortib borayotganini taʼkidladi.
Xorijiy investitsiyalarni jalb etishning ijobiy dinamikasi va “yashil” energetika, infratuzilmaviy rivojlanish hamda boshqa ustuvor yoʻnalishlarda yetakchi chet el kompaniyalar va rivojlanish boʻyicha hamkorlar bilan birgalikda yirik loyihalarni amalga oshirishda erishilgan yutuqlar qayd etildi.
Iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishning muhim omili sifatida kasb-hunar va oliy taʼlim tizimini rivojlantirishni ragʻbatlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga alohida eʼtibor qaratildi. Ushbu chora-tadbirlar yetakchi xorijiy universitetlar bilan faol hamkorlik qilishni, qoʻshma oʻquv dasturlari, amaliyot va malaka oshirish kurslarining joriy etilishini oʻz ichiga oladi.
Shuningdek, Oʻzbekiston bilan xalqaro moliya markazlari oʻrtasida moliyaviy koʻprik vazifasini oʻtashga moʻljallangan hamda kapital va keng koʻlamli moliyaviy xizmatlar va investitsiya vositalaridan keng foydalanish imkonini beruvchi yagona platforma – Toshkent investitsiya-moliya markazining tashkil etilishi eʼlon qilindi.
S.Umurzakov oʻz nutqida yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash dasturlarini amalga oshirish natijalariga alohida eʼtibor qaratdi. Xususan, oʻtgan yil davomida mamlakatimizda 192 ta yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi tashkil etilib, ularda 345,4 milliard soʻmlik 185 ta loyiha amalga oshirilgani hamda shuning evaziga 3,5 mingga yaqin yangi ish oʻrinlari yaratilgani maʼlum qilindi. Shu bilan birga, umumiy qiymati 1,7 trillion soʻmdan ziyod boʻlgan 3,1 mingdan koʻproq loyihalar amalga oshirilib, ularda qoʻshimcha ravishda 36,4 mingta yangi ish oʻrni yaratiladi. Bundan tashqari, yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi koʻmagida umumiy qiymati 110,9 milliard soʻmlik 163 investitsiya loyihasi moliyalashtirildi.
Yoshlar bilan muloqot qilish hamda ularning loyiha va biznes gʻoyalarini amalga oshirishda yordam koʻrsatish jarayonida aniqlangan muammolar, jumladan, mamlakatimiz tijorat banklarida yuqori darajadagi byurokratiyaning mavjudligi, yosh tadbirkorlarda boshlangʻich mablagʻning, biznes yuritish uchun zarur boʻlgan bilim va tajribaning yetishmasligi va boshqa omillar tadbir davomida koʻrib chiqildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan investitsiyaviy muhitda yoshlarning salohiyatini roʻyobga chiqarish va yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishni ragʻbatlantirishga qaratilgan 100 eng yaxshi innovatsion investitsiya loyihalari tanlovi boshlab yuborilgani ham eʼlon qilindi.
Shuningdek, tadbir davomida ishtirokchilar Bosh vazir oʻrinbosari bilan bevosita muloqot qilish, istiqbolli gʻoya va takliflarni bildirish, oʻzlarini qiziqtirgan mavzular boʻyicha savollar berish imkoniga ega boʻldilar. Bundan tashqari, yoshlar vakillari tadbirkorlik faoliyati davomida duch kelgan xususiy muammolarni ham koʻtardilar. Mazkur muammolar bevosita forum doirasida koʻrib chiqilib, ularning yechimi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi rahbariyati hamda Vazirlar Mahkamasining masʼul xodimlari tomonidan nazoratga olindi.