“Investor – tarmoq – texnikum” zanjiri asosida texnikumlarda dual taʼlim yoʻlga qoʻyiladi

    Siyosat 15 Sentabr 2025 502

    Bir yil ichida 100 ta texnikumda Germaniya, Shveysariya, Xitoy, Koreya, Britaniya kabi davlatlarning taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilib, ularning eng ilgʻor kasbiy taʼlim dasturlari joriy qilinishi belgilandi.

    Bundan tashqari, kasbiy koʻnikmasi bor istalgan talabgor ushbu texnikumlarda xorijiy davlatlarning malakani baholash tizimi orqali imtihondan oʻtib, xalqaro sertifikat olishi mumkin boʻladi.

    Joriy oʻquv yilidan Angliyaning “Pirson” kompaniyasi bilan hududlardagi 14 ta texnikumda “BITEK” xalqaro dasturi boshlandi. Bu orqali yoshlar xalqaro standartlar asosida turizm, axborot texnologiyalari, tibbiyot, qurilish, logistika, elektrotexnika, energetika, mashinasozlik, biotexnologiya, kreativ iqtisodiyot kabi yoʻnalishlarda talab yuqori kasblarni egallaydi.

    Kelasi yili sanoatda qariyb 45 milliard dollarlik 456 ta yirik loyiha boshlanadi. “Investor – tarmoq – texnikum” zanjiri asosida texnikumlarda dual taʼlim yoʻlga qoʻyiladi.

    Korxonalar bilan aniq loyihalari boʻlgan texnikumlar oʻrtasida zamonaviy ustaxonalarni barpo qilish boʻyicha tanlov oʻtkaziladi. Tanlov gʻoliblariga ustaxona uchun zamonaviy uskuna va jihozlar, sport anjomlari olib beriladi.