Investorlarni manzilli qoʻllab-quvvatlash – muhim ustuvor maqsad

    Investitsiyalar 24 Fevral 2021 441

    Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov “Indorama” (Singapur) kompaniyasi direktori Prakash Kejrival bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Uchrashuv davomida Qoʻqon shahrida yigiruv ishlab chiqarishini, Qashqadaryo, Sirdaryo va Fargʻona viloyatlarida umumiy maydoni 100 ming gektarga yaqin paxta-toʻqimachilik klasterlarini tashkil etish loyihasini hamda Qoʻqon superfosfat zavodini modernizatsiya qilish loyihasini nazarda tutgan holda, singapurlik investorning Oʻzbekistondagi loyihalari amalga oshirilishi muhokama qilindi. Jumladan, joriy yilda xoʻjaliklar bilan oʻzaro hamkorlik qilish, ishlab chiqarish obyektlarini muhandislik kommunikatsiyalariga ulash va dala ishlarini olib borish bilan bogʻliq masalalar koʻrib chiqildi.

    Xorijiy investor Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida logistika markazi va mashina-traktor parkini qurish orqali yangi tashkil etilayotgan ishlab chiqarish obyektlarining texnik bazasini kengaytirish hamda Sirdaryo viloyati Sardoba tumanida paxtani qayta ishlash boʻyicha yangi korxona tashkil etish yuzasidan rejalarini bildirdi.

    Tomonlar ushbu tashabbuslarni amalga oshirish doirasida oʻzaro hamkorlik qilish yoʻllarini muhokama etdilar, shuningdek, mavjud amaliy masalalarni hal etishning aniq algoritmlarini ishlab chiqdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

    Uchrashuv yakunida singapurlik investor tarafidan Respublikada amalga oshirilayotgan loyiha va tashabbuslarni Oʻzbekiston tomoni toʻliq qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanligiga ishontirildi.