“Ipak yoʻlida” filmi xalqaro kinofestivalda ishtirok etadi

    Madaniyat 7 Aprel 2022 1371

    Kinematografiya agentligi buyurtmasi binoan “Yoshlik” kinostudiyasi tomonidan suratga olingan “Ipak yoʻlida” qisqa metrajli filmi Londonda boʻlib oʻtadigan ECG Film Festival (“Eurasian Creative Guild Film Festival”) Yevrosiyo xalqaro kinofestivalida ishtirok etadi.

    Mazkur kinofestival dasturidagi filmlar 19-25-may kunlari Londondagi “Premier Cinema” kinoteatrida namoyish etiladi va ular orasidan gʻolib aniqlanadi.

    Kinokartina “Ipak yoʻli durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivali dasturiga kiritilgan “Kino 5 kunda” yosh rejissyorlar loyihasida suratga olingan. Kinofestivalning bosh sovrini “Gran-Pri” hamda “Eng yaxshi aktyor” nominatsiyasida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan.

    Shu bilan birga, AQSHning Los-Anjeles shahrida oʻtkazilgan AWFF-2021 (“Asian World Film Festival”) xalqaro kinofestivalida “Osiyoning eng yaxshi qisqa metrajli filmi” nominatsiyasida gʻolib boʻlgan, deb xabar beradi Kinematografiya agentligi matbuot xizmati.

    Ssenariy muallifi Shohjaxon Subxonov, rejissyor Sherzod Nazarov, operator Diyor Ismatov, rassom Erkin Xushmatov, badiiy rahbar Ali Hamroyev.