Qayd etilishicha, xalq orasida tabiblik bilan shugʻullanib, “Bio nur” sohibi sifatida tanilgan I.Saliyevning faoliyati qonuniyligi oʻrganilgan.

U 05.08.2020-yilda soliq organlaridan “Xalq tabobati” faoliyat turi boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan boʻlsada, tabibning Oʻzbekiston xalq tabobati Assotsiatsiyasi tomonidan berilgan guvohnoma muddati 21.12.2024-yilda tugagan.

Unga nisbatan Qoʻqon shahar IIB tomonidan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, Jinoyat ishlari boʻyicha Qoʻqon shahar sudiga yuborilgan.

Sud tomonidan 2025-yil 10-yanvar kuni Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 59⁵-moddasi (Xalq tabobati toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish) 1-qismi bilan, 7.500.000 soʻm miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Shuningdek, uning ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlari fuqarolarning eʼtirozlariga sabab boʻlganligi inobatga olinib, IIO xodimlari tomonidan rasmiy ogohlantirildi.

Biroq I.Saliyev takroran oʻz faoliyatini davom ettirib, videoroliklarni ijtimoiy tarmoqlarga joylab kelganligi aniqlandi. Joriy yil 27-noyabr kuni Qoʻqon shahar IIB tomonidan unga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 59⁵-moddasi 3-qismi (Xalq tabobati sohasida faoliyat olib borish uchun tegishli huquqqa ega boʻlmagan shaxs tomonidan fuqarolarga tibbiy tashxis qoʻyish va ularni davolash xizmatlarini koʻrsatish hamda mazkur xizmatlarni omma oldida targʻib qilish) bilan hujjatlar rasmiylashtirilgan hamda tegishli tartibda sud organiga yuborilgan.