Uchrashuvda iqlim oʻzgarishi sharoitida insonlarning faolligini oshirish boʻyicha “Ipak yoʻli deklaratsiyasi”ni qabul qilish tashabbusi muhokamasiga asosiy eʼtibor qaratildi. Hujjatni 2025-yil 4–5-aprel kunlari Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan Birinchi Samarqand iqlim forumi doirasida tasdiqlash taklif qilinmoqda.
Vazir hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun iqlim oʻzgarishi sharoitida togʻli hududlarda migratsiya muammolarini oʻrganish, hamkorlikda tadqiqotlar olib borish va Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan Iqlim konferensiyasida taqdim etilishi rejalashtirilgan Hududiy yashil rivojlanish konsepsiyasiga hissa qoʻshishni taklif qildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar “Moslashuv milliy rejasini amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlash va iqlim oʻzgarishi oqibatida havo haroratining koʻtarilishi va jazirama toʻlqinlarining migrantlar salomatligiga taʼsirini baholash” qoʻshma loyihasini amalga oshirish boʻyicha Harakatlar rejasini imzolashdi.
2025-yilning fevralidan 2026-yilning mayigacha amalga oshiriladigan loyihaning asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
— migratsiya, ekologiya va iqlim oʻzgarishi boʻyicha ikki tomonlama brifinglar oʻtkazish;
— Oʻzbekistonning milliy qonunlari, meʼyoriy hujjatlari, strategiya va rejalarini xaritalash va tahlil qilish;
— Haroratning koʻtarilishi va jazirama toʻlqinlarining migrantlar va ularning oila aʼzolari salomatligiga taʼsiri boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish;
— Iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatishga qaratilgan boshqa tadbirlar.
Uchrashuv xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va iqlim oʻzgarishi natijasida yuzaga kelgan ekologik va migratsiya muammolarini hal etishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish yoʻlidagi muhim qadam boʻldi.