Yangi tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, Yerdagi kunlar davomiyligi asta-sekin oshib bormoqda va asosiy sabab inson faoliyati bo‘lishi mumkin, deb xabar beradi BBC Sky at Night. Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, global isish va muzliklarning erishi kunlarning har asrda taxminan 1,33 millisoniyaga uzayishiga olib kelmoqda.
Tadqiqot Vena universiteti va Syurixdagi federal texnologiya instituti olimlari tomonidan o‘tkazildi. Ular sayyora og‘irligining qayta taqsimlanishi, xususan, suvning qutb mintaqalaridan ekvatorga harakatlanishi Yerning aylanishini sekinlashtiryapti, degan xulosaga keldi.
Tadqiqotning bir qismi sifatida olimlar yuz millionlab yillar davomida mavjud bo‘lgan mikroskopik dengiz organizmlari – foraminiferaning qazilma qoldiqlarini tahlil qilishdi. Ularning chig‘anoqlari dengiz sathidagi o‘zgarishlarning kimyoviy izlarini saqlab qoladi, bu ularga o‘tmishdagi iqlim jarayonlarini namoyon qilishga imkon beradi. Ushbu ma’lumotlar va maxsus chuqur o‘rganish algoritmidan foydalangan holda, tadqiqotchilar so‘nggi qariyb 4 million yil ichida kun uzunligidagi o‘zgarishlarni taxmin qila olishdi.
Iqlimshunos olim Mostafa Kiani Shaxvandiyaning so‘zlariga ko‘ra, bu organizmlarning kimyoviy tarkibini tahlil qilish dengiz sathidagi tebranishlarni aniqlash va ulardan sayyoraning aylanish tezligidagi o‘zgarishlarni hisoblash imkonini beradi. Aniqlikni oshirish uchun jamoa, shuningdek, to‘liq bo‘lmagan ma’lumotlar bilan ham iqlim o‘zgarishi fizikasini hisobga oladigan yangi mashina o‘rganish modelidan foydalangan.
Kuniga 86 400 soniyaga nisbatan 1,33 millisoniya ahamiyatsiz bo‘lib tuyulsa-da, hatto bunday o‘zgarishlar ham sun’iy yo‘ldosh navigatsiyasi va telekommunikatsiya aniqligiga ta’sir qilishi mumkin. Ushbu vaqt farqi tufayli NASA Oyda alohida vaqt mintaqasini yaratishni rejalashtirmoqda, deb xabar berdi korrespondent.net.
Bundan tashqari, ba’zi modellar bu jarayon XXI asrning oxiriga kelib asriga 2,62 millisoniyagacha tezlashishini bashorat qilmoqda. Bu holda, iqlimning ta’siri an’anaviy ravishda kun uzunligidagi o‘zgarishlarni belgilaydigan Oyning tortishish ta’siridan ham oshib ketishi mumkin.