Yangi Oʻzbekistonda gidrometeorologiya xizmatini rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va aholini gidrometeorologik maʼlumotlar bilan taʼminlash hamda global iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish boʻyicha katta ishlar amalga oshirilmoqda. Malakatimiz iqtisodiyotning suv xoʻjaligi, qishloq xoʻjaligi, energetika, shaharsozlik, sanoat, transport, turizm, mudofa sohalari gidrometeorologik, aniqrogʻi ob-havo va iqlimiy maʼlumotlarga katta ehtiyoj sezadi. Zero, gidrometeorologiya xizmati qishloq xoʻjaligi, energetika, transport, ekologiya kabi bir qancha sohalar uchun juda muhim va xavfsizligimizni taʼminlaydigan muhim sohalardan biri.

Shu bois, soʻnggi yilarda soha rivojiga alohida eʼtibor qaratilayotir. Bu borada Prezidentimizning 2020-yil 17-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori muhim asos boʻlmoqda. Unda mamlakatimizda gidrometeorologiya xizmatini yangi bosqichga koʻtarish va sohani malakali kadrlar bilan taʼminlash boʻyicha muhim vazifalar belgilangan.

Mazkur qaror ijrosini taʼminlash borasida 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetida yangi -Gidrometeorologiya fakulteti tashkil etildi. Ushbu fakultetda ayni kunda 7 ta fan doktori-professorlar, 10 dan ortiq fan nomzodlari, 500 dan ortiq bakalavrlar hamda, 38 nafar magistrlarga saboq bermoqda. Yangi fakultetda joriy oʻquv yilining oʻzida 2 nafar fan doktori (DSc) va 5 nafar falasafa doktorlari tayyorlandi. Ayni kunda fakultetda 6 nafar tadqiqotchilar tayanch dotaranturada tahsil olmoqdalar.

Oʻzbekiston Milliy universitetida tashkil etilgan iqlim oʻzgarishi sharoitida gidrometeorologik tadqiqotlar, dolzarb muammolar va ularning yechimlari mavzuida tashkil etilgan anjumanda shu haqda gap bordi. Tadbir Gidrometeorologiya xizmati markazi - Oʻzgidromet va Oʻzbekiston geografiya jamiyati hamkorligida tashkil etildi. Anjuman gidrometeorologiya sohasida 4 ta fan doktori va 11 ta fan nomzodi va falsafa doktorlarini tayyorlagan, geografiya fanlari doktori, professor F.Hikmatovning 70 yillik yubileyi doirasida oʻtkazildi.

Anjuman ishida Germaniya (Postdam iqlim taʼsirini oʻzganish instituti; Chuchuk suv resurlari instituti; Ichki baliqchilik xoʻjaligi instituti), Rossiya (M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti; Boshqirdiston davlat universiteti; Rossiya FA Okeanologiya instituti), Belarus (Belarus davlat texnika universiteti), Qozogʻiston (Al-Farobiy nomidagi Qozogʻiston Milliy universiteti; Xoʻjaahmad Yassaviy nomidagi Qozoq-Turk xalqaro instituti), Tojikiston (Tojikiston Milliy universiteti; Tojikiston Milliy suv muammolari, ekologiya va gidroenergetika instituti) davlatlaridan yirik olimlar va soha mutaxassislari ishtirok etdi.Tadbirda gidrometeorologiyaning dolzarb ilmiy yoʻnalishlarida erishilgan ilmiy tadqiqot ishlari natijalari muhokama qilinadi.

Shuni quvonarliki, OʻzMU olimlarining iqlim oʻzgarishi muammolari borasidagi ilmiy nashrlari va loyihalari xalqaro miqyosda tan olindi. OʻzMU Times Higher Education Impact Rankinda dunyoning kuchli 500 universitetlari qatoriga kirib, “Iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish” boʻyicha 2020-yilda 101-200, 2021-yilda esa 301-400 oʻrinni egallaganligi fikrimizning yorqin dalilidir.

Bir soʻz bilan aytganda, anjuman iqlim oʻzgarishining dolzarb muammolari yechimlariga qaratilgan tadqiqotlarda xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, global miqyosda kuzatilayotgan iqlim oʻzgarishiga moslashish boʻyicha ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishda muhim qadam boʻldi.