Yigʻilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov hamda Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy rivojlanish vaziri M.Reshetnikov hamraisligida oʻtkazildi. Tadbirda shuningdek, ikkala mamlakatning asosiy vazirlik va idoralari rahbarlari ham ishtirok etdi.

Kun tartibi doirasida ikkala mamlakatning oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, sanoat, transport va logistika, madaniy-gumanitar hamkorligi kabi keng koʻlamli masalalar koʻrib chiqildi.

Har ikki Davlat rahbarlarining saʼy-harakatlari tufayli Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi munosabatlar misli koʻrilmagan yuqori darajaga yetib, rivojlanishning yuqori va barqaror dinamikasi bilan ajralib turayotgani taʼkidlandi. Bu, oʻz navbatida, ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha hamkorlikni chuqurlashtirish uchun shart-sharoitlarni yaratadi.

Ikki mamlakat oʻrtasidagi iqtisodiy sheriklikda amalga oshirilgan salmoqli yutuqlar alohida taʼkidlandi. Oʻzbekistonda Rossiya kapitali ishtirokida tashkil etilgan korxonalar soni oʻtgan 4 yil davomida 2,5 barobar oʻsib, 2 mingdan oshdi. Joriy yilning 9 oyida mamlakatda 200 dan ziyod oʻzbek-rus korxonalari tashkil etildi. Hozirgi kunda Oʻzbekistonda neft-kimyo, togʻ-kon metallurgiya, energetika, sogʻliqni saqlash va farmatsevtika, qurilish materiallari, toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish, shuningdek, meva-sabzavotni qayta ishlash sohalarida umumiy qiymati 14 milliard dollardan ziyod 150 ta qoʻshma loyiha amalga oshirilyapti. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasi Sanoat va savdo vazirligi oʻrtasida tashkil etilgan qoʻshma Loyiha ofisining samarali faoliyati taʼkidlandi. Ofis vazifalari istiqbolli investitsiya takliflarini ishlab chiqish hamda kelgusida hayotga tatbiq etish uchun yangi loyihalarni shakllantirish ekanligi qayd etildi. Maʼlum qilinishicha, ayni paytda Loyiha ofisi ekspert va mutaxassislari umumiy qiymati qariyb 9 milliard dollarga teng boʻlgan 180 dan ortiq loyihaning yangi portfeli ustida ish olib boryapti. Oʻzbekiston va Rossiya ishbilarmon doiralari oʻrtasida yangi aloqalar oʻrnatish boʻyicha samarali ishlar olib borilyapti: oʻzaro biznes missiyalar, forumlar, sanoat koʻrgazmalari va boshqa qoʻshma tadbirlar tashkil etilyapti. Xususan, joriy yilda Toshkentda oʻtkazilgan “Innoprom” sanoat koʻrgazmasi yakunlari boʻyicha umumiy qiymati 3 milliard dollardan ziyod 300 dan koʻproq bitim imzolandi.

Oʻzaro savdoni rivojlantirishning ijobiy tendensiyalari muhokama qilindi. Bu borada hamkorlikni yanada kengaytirish boʻyicha ulkan imkoniyatlar borligi qayd etildi. Jumladan, sovitkichli vagonlardan tashkil topgan temir yoʻl poyezdlarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini jadal yetkazib berish boʻyicha “Agroekspress” loyihasi Oʻzbekiston-Rossiya savdosini rivojlantirish drayveriga aylanishi mumkin. Loyiha doirasida Oʻzbekistondan yangi uzilgan meva va sabzavotlarni birinchi marta yetkazib berish joriy yilning noyabr oyi oʻrtalariga rejalashtirilgan. “Bizning mushtarak maqsadimiz 2030-yilga borib mamlakatlarimizga temir yoʻl orqali 1 million tonna mahsulot yetkazib berishdir”, — dedi M.Reshetnikov.

Shuningdek, kun tartibining asosiy yoʻnalishlaridan biri mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish boʻldi. Maʼlum qilinishicha, oʻtgan ikki oy mobaynida Oʻzbekistonning 7 ta viloyat rahbarlari delegatsiyalari Rossiyaning 20 ta viloyatiga tashrif buyurib, kelgusidagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan natijador muzokaralar oʻtkazdi. Mintaqalararo aloqalarni yanada kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi yangi loyihalarini ishlab chiqish hamda savdo shartnomalarini tuzish maqsadida Oʻzbekiston va Rossiya hududlari rahbarlarining yaqin kelajakda qoʻshimcha oʻzaro tashriflarini tashkil etishga kelishildi.

Madaniy-gumanitar munosabatlarga, xususan, taʼlim sohasidagi hamkorlikka ham alohida eʼtibor qaratildi. Qayd etilishicha, hozirgi vaqtda Oʻzbekistonda Rossiya universitetlarining 15 ta filiali faoliyat koʻrsatyapti. Joriy yil 1-oktyabrda VGIK (Gerasimov nomidagi Butunrossiya Davlat kinematografiya instituti) filiali, yaqin kelajakda yana ikkita universitet-dizayn va texnologiya universitetining filiallari ochilishi kutilyapti. Kosigin va Moskva Davlat Geodeziya va kartografiya universiteti. Shu nuqtayi nazardan yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy-tadqiqot va taraqqiyot sohasidagi hamkorlik qilish hamda Taʼlim forumi, Media-forum, Rossiyada Oʻzbekiston madaniyati kunlari va boshqa qator qoʻshma tadbirlarni oʻtkazish masalalari koʻrib chiqildi.

Yigʻilish davomida ikki mamlakat vazirliklari va idoralarining rahbarlari taqdimotlar oʻtkazib, tarmoqlar va yoʻnalishlar kesimida hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha istiqbolli rejalari bilan boʻlishdi. Bildirilgan takliflar atroflicha koʻrib chiqilib, investitsiyalar, savdo, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, transport va tranzit, madaniy-gumanitar hamkorlik hamda sayyohlik sohasida ilgari surilgan tashabbuslarni amalda joriy etish boʻyicha hamkorlik qilish mexanizmi belgilab olindi.

Xususan, energetika, farmatsevtika va mashinasozlik sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirishning muhim istiqbollari belgilab olindi. Rossiya kompaniyalari Oʻzbekiston kon-metallurgiya sanoati korxonalarini modernizatsiya qilish va mashinasozlik hamda dastgohsozlik sohalarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etadi. Shuningdek, mahalliy ishlab chiqarish obyektlari asosida Rossiya texnologiyalaridan foydalangan holda avtomobil va qishloq xoʻjaligi texnikalari ishlab chiqarish hajmlarini izchil oshirish rejalashtirildi. Oʻzbekistonda energiya ishlab chiqaruvchi quvvatlarni modernizatsiya qilish va muqobil energetika sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun Rossiya investitsiyalarini jalb qilish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.

Ikki mamlakat tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari va mutaxassislaridan iborat HKning barcha 9 tegishli kichik komissiyalar ishini faollashtirishga kelishildi. Kichik komissiyalar rahbarlarining erishilgan barcha kelishuvlarni sifatli amalga oshirish yuzasidan kelgusi yil uchun kutilayotgan natijalar, aniq mexanizmlar, masʼul ijrochilar va muddatlar aks etgan amaliy chora-tadbirlar rejalarini qisqa muddatlarda tasdiqlashga kelishib olindi. Shuningdek, mehnat migratsiyasi sohasida innovatsiyalar va raqamli texnologiyalar boʻyicha 2 ta yangi kichik komissiyalar tuzishga ham kelishib olindi.

Uchrashuv yakunida tadbir davomida erishilgan asosiy kelishuvlarni aks ettiruvchi yakuniy Bayonnoma imzolandi, deb xabar berdi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.