Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar energetika vazirlarining yigʻilishi

    Xalqaro hamkorlik 25 Iyun 2021 379

    2021-yil 24-iyunda Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga (IHT) aʼzo davlatlar energetika vazirlarining 4-yigʻilishi onlayn tarzda boʻlib oʻtdi.

    Ushbu mintaqaviy iqtisodiy tashkilot 1985-yilda tashkil etilgan boʻlib, Afgʻoniston, Ozarbayjon, Eron Islom Respublikasi, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Pokiston, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston va Oʻzbekiston ushbu tashkilotning ishtirokchilari hisoblanadi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2021-yilning mart oyida boʻlib oʻtgan 14- IHT Sammitida 2025-yilgacha qabul qilingan harakat dasturi doirasida koʻp tomonlama sheriklikni rivojlantirish maqsadida bir qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

    Xususan, davlatimiz rahbari energetika sohasida qayta tiklanadigan va muqobil energiya manbalariga boy mintaqamizda “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish imkoniyatlari nihoyatda katta ekanligini taʼkidlab, energetika barqarorligini taʼminlash, sohaga investitsiya va zamonaviy texnologiyalarni keng jalb etishga qaratilgan Oʻrta muddatli Strategiyani ishlab chiqish va tasdiqlashni taklif etdi.

    Ozarbayjon tomoni raisligida boʻlib oʻtgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar energetika vazirlarining iyun oyidagi yigʻilishi ushbu va boshqa tashabbuslarni amalga oshirishga bagʻishlangan.

    Oʻzbekiston Energetika vaziri oʻrinbosari Sherzod Xodjayev ishtirokchilarga 2030-yilga borib mamlakatimizda energetika sohasini isloh qilishning hozirgi bosqichi, Energetika vazirligi tomonidan ishlab chiqilishi va elektr energiyasini sezilarli darajada ikki barobar oshirishni nazarda tutuvchi Konsepsiyaning qabul qilinishi haqida maʼlumot berdi. Shuningdek, Oʻzbekistonda elektr energiyasi bozoriga oʻtish uchun qoʻyilgan dastlabki qadamlar ham taqdim etildi.

    Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga aʼzo mamlakatlar energetika boshqarmalari rahbarlari ishtirokida boʻlib oʻtgan uchrashuvda

    - toza energiya markazi Nizomi,

    - IHTga aʼzo mamlakatlar uchun 2021-2022-yillarga moʻljallangan mintaqaviy elektr energiyasi bozori loyihasini amalga oshirish ”Yoʻl xaritasi”;

    - Energetika sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida Boku Deklaratsiyasi kabi quyidagi hujjatlar muhokama qilindi va qabul qilindi.

    Yigʻilish yakunlariga koʻra, ishtirokchilar yaqin kelajakda IHT mamlakatlari energetika vazirlarining 2022-yilning ikkinchi yarmi yoki 2023-yilning birinchi yarmida oʻtkazilishi rejalashtirilgan 5-yigʻilishi sanasi va oʻtkazilish joyini aniqlashga kelishib oldilar, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.