Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining Markaziy Osiyo mamlakatlarida energetika, suv va yer resurslarini samarali rivojlantirish boʻyicha konferensiya boʻlib oʻtdi

    Yashil sayyora 18 Oktabr 2021 882

    Poytaxtimizda “Markaziy Osiyo mamlakatlarida energetika, suv va yer resurslarini samarali rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan yuqori darajadagi muloqot” mavzusida konferensiya boʻlib oʻtdi.

    Tadbir Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) tomonidan Germaniya Federal Atrof–muhitni muhofaza qilish vazirligi bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyoda “energiya – suv resurslari – yer resurslari” oʻzaro bogʻliqligini transformatsiya qilish” toʻrt yillik loyihasini ishga tushirishga tayyorgarlik bosqichi sifatida tashkil etildi.

    Anjumanda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari – Strategik rivojlanish agentligi Bosh direktori L.Qudratov, Tashqi ishlar vazirligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi rahbariyati, Germaniyaning Oʻzbekistondagi muxtor elchisi T.Klinner, Germaniya Federal atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi direktori Yu.Kaynhorst, IHTT atrof-muhitni himoya qilish masalalari boʻyicha direktori R.Leysi, IHTT “yashil” oʻsish va global aloqalar boʻlimi boshligʻi K.Kittamori, Markaziy Osiyo mamlakatlarining tegishli vazirlik va idoralari rahbarlari, shuningdek, BMT TD, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO), Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi, Davlatlararo suv xoʻjaligini muvofiqlashtirish komissiyasining ilmiy-axborot markazi va BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi (BMT YEIK) vakillari ishtirok etishdi.

    2022-yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan mazkur loyihaning asosiy maqsadi energiya, suv va yer resurslari samaradorligini oshirish bilan bogʻliq loyihalarga xususiy investitsiyalarni jalb etishning natijador vositalarini ishlab chiqishdan iboratdir. Loyiha doirasida mintaqa mamlakatlarining barqaror iqtisodiy oʻsishi va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash uchun asosiy omillarni oʻrganish va aniq yechimlarni ishlab chiqish ham rejalashtirilgan.

    Anjuman davomida iqlim oʻzgarishining salbiy taʼsiridan soʻng Markaziy Osiyodagi hozirgi ekologik vaziyatni, shuningdek, taklif etilgan toʻrt yillik loyiha vazifalari va uning mintaqani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishdagi oʻrni kabi mavzularni ochib beruvchi taqdimotlar oʻtkazildi.

    Xorijiy ekspertlar tomonidan mazkur loyiha Markaziy Osiyo davlatlarida koviddan keyingi davrda energiya, suv va yer resurslaridan foydalanishda kompleks va oqilona yondashuv orqali iqtisodiy faollikni tiklashni kuchaytirishda yordam berishi taʼkidlab oʻtildi.

    Orolboʻyi mintaqasini qayta tiklash boʻyicha Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikda yuzlab loyihalar amalga oshirilganligi alohida taʼkidlandi. Shuningdek, ishtirokchilar tomonidan Orolboʻyi mintaqasi ekotizimini tiklash va toʻgʻri boshqarish iqtisodiyot rivojining va atrof-muhit muhofazasining muhim asoslaridan biri ekanligi bildirildi. Shu munosabat bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari, hamda mahalliy va xorijiy hamjamiyat vakillari, rivojlanish hamkorlari va donor mamlakatlarning faol ishtirokida Orol dengizini qayta tiklashda oʻz saʼy-harakatlarini birlashtirishi va qatʼiy choralar koʻrishlari lozimligi taʼkidlandi.

    Tadbir yakunida Markaziy Osiyo davlatlari bilan iqlim oʻzgarishining salbiy oqibatlarini kamaytirish va energiya, suv va yer resurslaridan samarali foydalanishni taʼminlashga qaratilgan koʻp tomonlama muloqotni rivojlantirish zarurligi toʻgʻrisida umumiy pozitsiya ishlab chiqildi. Kelajakda rejalashtirilgan loyihani ishga tushirishda birgalikda harakat qilish hamda uni amalga oshirish doirasida hamkorlik qilish yoʻnalishlari belgilandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.