Qabul qilingan hujjatga muvofiq mazkur Qoidalarga “yuqori mansabdor shaxslarga yaqin boʻlgan shaxslar”, “pul mablagʻlarini yoki boshqa mol-mulkni ishga solmay toʻxtatib qoʻyish”, “yuridik shaxsni tashkil etmagan chet el tuzilmasi”, “uchinchi tomon” tushunchalari kiritildi, shuningdek “yuqori mansabdor shaxslar” tushunchasi kengaytirildi.

Shuningdek Qoidalar 41-band bilan toʻldirildi, unga muvofiq birjalar:

  • birja aʼzolariga pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiyalarni mustaqil ravishda toʻxtatib turish, yuridik va jismoniy shaxslarning shaxsiy hisobvaragʻiga tushayotgan pul mablagʻlarini hisobga olish boʻyicha operatsiyalar bundan mustasno;
  • va (yoki) pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulkni ishga solmay toʻxtatib qoʻyish;
  • ulardan foydalanishga ruxsat berish va toʻxtatib turilgan operatsiyalarni tiklash imkoniyatini yaratib berishi shart.

Birjalar birja aʼzosining moliyaviy-xoʻjalik faoliyatiga aralashmasdan birjaning jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarini legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga yoki ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha zarur hujjatlar va maʼlumotni talab qilishga haqli.

Qoidalar 71 va 72-bandlar bilan toʻldirildi, ularga muvofiq birja aʼzolarining chet eldagi shuʼba korxonalari, filiallari va vakolatxonalari jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga yoki ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish borasidagi chora-tadbirlarni amalga oshirishda xalqaro standartlar va ular joylashgan mamlakat talablariga rioya qilishlari lozim. Agar boʻlish mamlakatining qonun hujjatlarida yengilroq ichki nazorat chora-tadbirlari nazarda tutilgan boʻlsa, ular mazkur Qoidalarga amal qilishlari kerak. Bunda birja aʼzosi oʻzining chet eldagi shuʼba korxonalari, filiallari va vakolatxonalaridan ular joylashgan mamlakatlar tegishli choralar taqiqlanganligi sababli tegishli choralarga rioya qilish imkoniyati mavjud boʻlmagan taqdirda, birja aʼzosining bosh ofisiga axborot berilishini talab qilishga majburdirlar. Birja aʼzosining bosh ofisi bu haqda maxsus vakolatli davlat organiga xabar berishi shart.

Kiritilgan 81-bandda birjaning vakolatli xodimi birja aʼzolarining rahbarlarini, benefitsiar mulkdorlarini va affillangan shaxslarini (agar mavjud boʻlsa) identifikatsiyalashi va ularni roʻyxat bilan solishtirishi kerakligi belgilangan. Birjaning vakolatli xodimi ular roʻyxat bilan toʻliq mos kelgan taqdirda, bu haqida darhol maxsus vakolatli davlat organiga, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasiga hamda birja rahbariga xabar berishi shartligi koʻrsatilgan.

Jismoniy shaxslar, shuningdek yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarni identifikatsiyalashda zarur boʻlgan maʼlumotlar roʻyxati belgilandi.

Mijozni lozim darajada tekshirish jarayonida olingan mijoz haqidagi maʼlumotlar mijoz soʻrovnomasida qayd etiladi.

Birjaning aʼzosi, agar mijozni lozim darajada tekshirish boʻyicha chora-tadbirlarni qoʻllash imkoni boʻlmasa, mijoz bilan ish munosabatlariga kirishni rad etishi va (yoki) mavjudlarini toʻxtatishi, shuningdek maxsus vakolatli davlat organiga shubhali operatsiya toʻgʻrisida xabar yuborishi shart.

Birjalar oshkor qilmaslik va saqlash muddatlari boʻyicha talablarga rioya etgan holda barcha hujjatlarning elektron nusxalarini saqlashlari mumkin. Mijozning lozim darajada tekshirilganligi haqida, shu jumladan mijozning soʻrovnomasidan maʼlumot uchinchi tomonlarga ularning soʻroviga binoan berilishi mumkin.

Shuningdek boshqa oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgan.

Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 14.06.2021 yildan kuchga kirdi.

Elmira Siraziyeva