Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish tizimi takomillashtirilmoqda

    Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining iqtisodiy jinoyatlarni tergov qilish, davlat moliyaviy nazoratini amalga oshirish sohasidagi vakolatlari aniqlashtirilmoqda.

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasi tomonidan “Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi muhokamasiga bagʻishlangan ishchi guruhi yigʻilishi oʻtkazildi.

    Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga byudjet qonunchiligi buzilishining profilaktikasini taʼminlash, iqtisodiy jinoyatlarni oʻz vaqtida fosh etish, har tomonlama, toʻla va xolisona tergov qilish sohasida qoʻshimcha vazifalar yuklatildi.

    Bu esa, oʻz navbatida, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining vazifalari va vakolatlarini amaldagi qonun hujjatlarida aks ettirish zaruratini yuzaga keltirmoqda.

    Shundan kelib chiqib, ikkinchi oʻqishga tayyorlanayotgan mazkur qonun loyihasi bilan Jinoyat-protsessual, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi hamda Byudjet kodekslariga Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining iqtisodiy jinoyatlarni tergov qilish, davlat moliyaviy nazoratini amalga oshirish sohasidagi vakolatlari aniqlashtirilishini nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

    Yigʻilishda qonun loyihasi atroflicha koʻrib chiqilib, deputatlar tomonidan berilgan bir qator takliflar chuqur tahlil qilindi. Ular asosida loyihadagi normalar maromiga yetkazildi.

    Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi jinoyatlarni tergov qilish va budjet qonunchiligi sohasida davlat organlarining vakolatlarini qonun hujjati bilan mustahkamlashga, qonun normalarini aniq va bir xilda qoʻllanilishiga hamda sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlashga xizmat qiladi.

    Qonun loyihasini takomillashtirish ishlari davom etmoqda.