Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, oʻtgan 6 oyda yalpi ichki mahsulot 6,2 foizga oʻsgan. Bunga asosan sanoat 8,5 foiz, investitsiyalar 5,9 foiz va xizmatlar hajmi 8 foizga oshgani hisobiga erishildi. Inflyatsiya darajasi 10,9 foizni tashkil etdi.
Ushbu davrda jami 200 trillion soʻmlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi. Sanoatda yuqori oʻsish surʼatlari Qashqadaryoda 26 foiz, Sirdaryoda 23, Jizzaxda 15, Toshkent shahrida 14 va Namanganda 12 foizni tashkil etdi.
Yigʻilishida qayd etilgan koʻrsatkichlar:
Oziq-ovqat sanoati mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi respublikada jami 14,7 foizga oshgan.
Hududiy investitsiya dasturlari doirasida birinchi yarim yillikda prognozga nisbatan 2,5 barobar koʻp yoki 5 ming 246 ta loyiha amalga oshirilgan.
Hisobot davrida mamlakatda jami 53 ming yangi kichik tadbirkorlik subyektlari tashkil etilib, oʻtgan yilga nisbatan 14 foizga oshgan.
Joriy yil birinchi yarim yillikda esa 190 ming gektar qoʻshimcha yer maydonlari oʻzlashtirildi.
2020-yilning birinchi yarmiga nisbatan xizmatlar koʻrsatish hajmi 18,3 foizga oshdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlar va tarmoqlarni barqaror rivojlantirish uchun yaratilayotgan moliyaviy va iqtisodiy sharoitlarni sanab oʻtdi.
Jumladan, sanoat tarmoqlariga bir yarim yil davomida 50 trillion soʻmdan ziyod bojxona imtiyozlari va tarif preferensiyalari berilgan. Birgina avtomobil sanoatiga 9,5 trillion soʻmlik, neft-gaz tarmogʻiga 2,8 trillion soʻmlik bojxona imtiyozlari taqdim etilgan.
Soʻnggi 3 yilda qishloq xoʻjaligiga 1,5 trillion soʻm subsidiya ajratildi. Qishloq xoʻjaligini barcha yoʻnalishlarida klaster tizimi joriy qilinib, ularga joriy yilning oʻzida 6 trillion soʻmdan ziyod kreditlar berildi.
Chorvachilik sohasida boshqaruv Veterinariya qoʻmitasiga berilib, uning tarkibida alohida agentlik tashkil qilindi. Soʻnggi 3 yilda sohaga 350 million dollarga yaqin imtiyozli mablagʻlar jalb etildi.
Xizmatlar sohasini rivojlantirish boʻyicha alohida Prezident qarori qabul qilinib, tadbirkorlar uchun zarur imtiyozlar va barcha imkoniyatlar yaratib berildi. Xususan, birinchi bosqichda 7 ta tijorat bankiga 1 trillion 575 milliard soʻm mablagʻ ajratildi.
Davlatimiz rahbari yigʻilishda avtomobilsozlik, energetika, kimyo sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish, toʻqimachilik, charm sanoati, farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi, jumladan, kartoshkachilik, meva-sabzavotchilik, uzumchilik, paxtachilik, gʻallachilik, chorvachilik, parrandachilik, oziq-ovqat sanoati, xizmat koʻrsatish, tadbirkorlik sohalarini rivojlantirish boʻyicha aniq vazifalarni belgilab berdi.
Yirik tarmoq sanoat korxonalarida 86 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqarish, elektr energiyasi generatsiya quvvatlarini 1 ming 800 megavattga oshirish, yirik mahalliy sanoat korxonalarida 60 trillion soʻmlik yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulot ishlab chiqarish, toʻqimachilikda 15,3 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqarish va 1,7 milliard dollarlik eksportni taʼminlash, 3,5 million tonna paxta yetishtirish, 1,5 million tonna goʻsht, 6,5 million tonna sut ishlab chiqarish, 1 ming 113 ta mahallani jamoat transporti bilan qamrab olish, yillik inflyatsiya darajasini prognoz koʻrsatkichlari - 10 foiz doirasida boʻlishini taʼminlash shular jumlasidan.