Oʻtgan davrda eng koʻp iqtisodiy ishlar Toshkent shahar, Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Namangan, Andijon va Jizzax viloyatlari iqtisodiy sudlari tomonidan koʻrib, hal etilgan.

Taraflarga qulayliklar yaratish hamda sud taʼsirchanligini oshirish maqsadida nizo tartibida koʻrilgan ishlarning salmoqli qismi, yaʼni 39 626 tasi bevosita joylarda, yaʼni sayyor sud majlislarida koʻrib chiqilgan.

Iqtisodiy sudlar tomonidan hal etilgan ishlarning 2 746 tasi videokonferensaloqa rejimida koʻrib chiqilgan boʻlib, natijada taraflarning 1 mlrd. soʻmga yaqin mablagʻlari tejab qolindi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini huquqiy himoya qilishga oid 29 583 ta iqtisodiy ish koʻrib chiqildi hamda ular foydasiga 1,8 trln. soʻm miqdorida mablagʻ undirib berildi.

Hisobot davrida iqtisodiy sudlarda koʻrilgan ishlarning asosiy qismini kontraktatsiya, mahsulot yetkazib berish, kredit, haq evaziga xizmat koʻrsatish shartnomalaridan kelib chiqadigan nizolar hamda banklardagi hisobvaraqlar boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi ishlar tashkil etdi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati tomonidan nazorat tartibida 512 ta shikoyat va protestlar koʻrib chiqildi. Quyi sudlar tomonidan chiqarilgan 270 ta qaror bekor qilindi va 58 ta sud qarorlari oʻzgartirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi

Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari

bilan hamkorlik boshqarmasi