Shunga koʻra, vazirlik mahalliy ishlab chiqaruvchilar va davlat buyurtmachilari tomonidan ariza va murojaatlarni Elektron kooperatsiya portalida onlayn qabul qilib, natijalarini qayta yuborish aloqa mexanizmini nazarda tutuvchi elektron tizimni joriy etadi.
Qaror bilan davlat xaridlaridagi ishtiroki vaqtinchalik taqiqlangan va chegaralangan xorijda ishlab chiqarilgan tovarlar, shuningdek, xorijiy shaxslar tomonidan bajariladigan ishlarning (xizmatlarning) roʻyxatini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Unga muvofiq, mahalliy ishlab chiqaruvchilar roʻyxatda keltirilmagan, biroq ishlab chiqarilishi yoʻlga qoʻyilgan tovarlarni roʻyxatga kiritish uchun Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining Elektron kooperatsiya portali markazi (Ishchi organ)ga www.cooperation.uz portali orqali ixtiyoriy ravishda murojaat etadi.
Ishchi organ murojaat kelib tushgan kundan boshlab 5 ish kunida murojaat tegishli talablar asosida taqdim etilganligini tekshiradi.
Hujjatlar toʻliq taqdim etilgan taqdirda, Davlat statistika qoʻmitasiga tegishli maʼlumotlarni tasdiqlash uchun soʻrovnoma yuboriladi.
Qoʻmita soʻrovnomani 5 ish kunida oʻrganib chiqadi.
Ishchi organ soʻrovnoma natijasi kelib tushgan kundan boshlab 5 ish kunida murojaatda keltirilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni roʻyxatga qoʻshish yoki roʻyxatdan chiqarish taklifini tayyorlaydi va koʻrib chiqish uchun tegishli vazirlik, idora va tashkilotlarga kiritadi.
Takliflar 15 ish kunida koʻrib chiqiladi.
Shunga koʻra, murojaatni koʻrib chiqish yakuni bilan Ishchi organ tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar bilan birgalikda belgilangan tartibda kelishilgan tovarlarni roʻyxatga qoʻshish yoki roʻyxatdan chiqarish taklifini tayyorlab, Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.