Mamlakatimizda yashash minimumini belgilash masalasi Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasining Saylovoldi dasturida ilgari surilgan eng muhim yoʻnalishlardan biri. Shu maqsadda partiya yashash minimumini begilash va uning huquqiy asoslarini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surgan. Oʻzbekistonda bu masalada aniq mezonlarning yoʻqligi, toʻgʻrirogʻi, shu vaqtgacha belgilanmagani oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan toʻlanadigan ijtimoiy nafaqalarga haqiqatda muhtoj oilalarni aniqlab olishga imkon bermay kelayotgandi.

Pandemiya sharoitida ehtiyojmand oilalarni qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy yordamning manzilliligini taʼminlash, ayniqsa, dolzarb vazifaga aylandi. Qonunchilikdagi ayrim kamchiliklar yana-da yaqqolroq sezildi. Minimal isteʼmol xarajatlarini joriy etmasdan, kambagʻallikni qisqartirish dasturlarini samarali amalga oshirib boʻlmaydi. Kambagʻallik kamaymasa, joylarda ijtimoiy muammolar koʻpayadi.

Yigʻilishda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi tomonidan minimal isteʼmol xarajatlari qiymatining dastlabki hisob-kitoblari eʼlon qilinishi, minimal isteʼmol xarajatlari oyiga kishi boshiga 440 ming soʻm etib belgilanishidan keyin ijtimoiy himoya va kambagʻallikni qisqartirish ishlari endi aniq tizim hamda mexanizmga ega boʻlishi qayd etildi.

Deputatlar minimal isteʼmol xarajatlari miqdori belgilanishining ahamiyati, uning davlat byudjeti hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamga berilayotgan moddiy yordamga taʼsiri, davlatning fuqarolar oldidagi ijtimoiy masʼuliyati bilan bogʻliq masalalarga ham oʻz qiziqishlarini bildirdilar.

Minimal isteʼmol xarajatlarini belgilashda qanday huquqiy mezonlarga tayanilishi, uning huquqiy asoslarini yaratishga ehtiyoj haqida deputatlar va vazirlik mutasaddilari oʻrtasida savol-javoblar boʻlib oʻtdi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi mutasaddilari fraksiya aʼzolarining bu boradagi savollariga atroflicha javob qaytarishdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi ushbu prinsipial masalada eʼlon qilingan minimal isteʼmol xarajatlari qiymatining dastlabki hisob-kitoblarini ilk qadam sifatida qoʻllab-quvvatlashini bildirdi. Bu boradagi izchil harakatlarni davom ettirish, mustahkam asoslangan tadqiqotlarni davom ettirish, huquqiy asoslarni mustahkamlash zarurligi taʼkidlandi.

Yigʻilishda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining minimal isteʼmol xarajatlarini belgilash borasidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilindi. Yakunda tegishli qaror qabul qilindi.