Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Uchrashuvda Oʻzbekistondan eksport yuklari Iroqqa kelganda amalga oshiriladigan tartiblar, qoʻshilgan qiymat soligʻi (QQS) va bojxona toʻlovidan tashqari mavjud toʻlovlar muhokama qilindi.

Tomonlar Iroqqa mahsulotlar eksport qilinishida davlatlar uchun alohida bojxona tariflari mavjudligi, ikki davlat bojxona qoʻmitalari oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish hamda bu borada tegishli bitimni ishlab chiqish masalasida fikr almashdi.

Oʻzbekistondan Iroqqa oziq-ovqat, meva-sabzavot mahsulotlarini, Iroqdan Oʻzbekistonga xurmo va boshqa turdagi mahsulotlarni eksport qilishda “yashil koridor” tizimini yoʻlga qoʻyish, “Baghdad International Fair” xalqaro koʻrgazmasining Oʻzbekiston pavilyonida namoyish etish uchun olib kelinadigan mahsulotlarni Bagʻdodga kirishida bojxona tekshiruvlarini yengillashtirish borasida ham fikr-mulohaza almashildi.

Oʻz navbatida, suhbatdosh Iroqda faqatgina bojxona va QQS toʻlovlari mavjud ekani hamda u ham Iroq Bojxona qoʻmitasi tomonidan nazorat qilinishini maʼlum qildi. Iroqda bojxona tariflari hamma davlat uchun bir xil qilib belgilangan. Faqatgina Iordaniya bilan oʻziga xos tariflar mavjud.

Suhbatdosh dastlab Oʻzbekiston va Iroq bojxona qoʻmitalari oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumini imzolash maʼqulligini taʼkidladi. Oʻzbekiston tovarlari uchun “yashil koridor” masalasi Iroq Savdo vazirligi masʼul ekani qayd etildi.

Anbar provinsiyasi Savdo palatasi raisi bilan uchrashuv chogʻida ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari va qoʻshma tadbirlarni amalga oshirish masalalari muhokama etildi.

Muzokaralarda 3 ta asosiy yoʻnalish:

  • Iroqda Oʻzbekiston korxonalarining filiallarini ochish,
  • Iroqda oʻzbek eksportyor kompaniyalarining savdo uylarini tashkil etish,
  • oʻzbek mahsulotlari uchun Bagʻdodda omborxonalarini ijaraga olish tartiblari yuzasidan fikrlar almashildi.