Oliy Majlis Qonunchilik palatasida yana bir muhim hujjat — “Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ikkinchi oʻqishga tayyorlanmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur qonun loyihasida bandlik, individual mehnat munosabatlari, xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ayrim toifadagi xodimlar mehnatini tartibga solish xususiyatlari, xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish, mehnat nizolarini koʻrib chiqish kabi normalar oʻz aksini topyapti.

– Anyi paytda qonun loyihasi deputatlar tomonidan berilgan takliflar, fikr-mulohazalar asosida maromiga yetkazilmoqda, – deydi ishchi guruh aʼzosi Dilmurod Ismoilov. – Undagi har bir modda ishchi guruhi aʼzolari, ekspertlar tomonidan atroflicha muhokama qilinib, pishiq-puxta holatga keltirilmoqda. Shuningdek, havolaki normalar chiqarilib, ular oʻrniga toʻgʻridan-toʻgʻri ishlaydigan moddalar kiritilyapti.

Bundan tashqari, yangi tahrirdagi kodeks loyihasi fuqarolarning mehnat faoliyatiga jalb qilinishining yangi shakllarini faol rivojlantirishni tartibga soladi. Egiluvchan ish rejimlaridan keng foydalanish uchun ish beruvchilar tomonidan xodimlarni mehnat jarayoniga jalb qilishning soddaroq, oddiyroq shakllarini tanlashga zamin yaratadi.

Qonun loyihasida ilk bor mehnat sohasida ijtimoiy sheriklik institutining joriy etilishi belgilanayotgani uning ahamiyatli jihatlaridandir. Bu, oʻz navbatida, ish beruvchi va xodimlar, ularning vakillik organlari oʻrtasidagi munosabatlarda oʻzaro manfaatlar muvozanatini taʼminlashga xizmat qiladi. Shuningdek, mazkur sohada tomonlarning oʻzaro ijtimoiy-iqtisodiy mehnat huquqlarini roʻyobga chiqarishga, mehnat huquqlarining samarali himoya qilinishiga imkon yaratadi.

Loyihada, shuningdek, yangilik sifatida xizmat tekshiruvi jarayonining joriy etilishi koʻzda tutilmoqda. Bu ish beruvchi tomonidan xodimga nisbatan intizomiy jazo qoʻllash jarayonida haqiqatni, yaʼni xodimning aybi bor yoki yoʻqligini aniqlash orqali adolatli qaror qabul qilishga xizmat qiladi.

Mazkur hujjatning qabul qilinishi bozor iqtisodiyoti talablarini hisobga olgan holda xodimlar va ish beruvchilar manfaatlari muvozanatini taʼminlashga, ularni ijtimoiy hamkorlikka jalb qilishga, tomonlar oʻz mehnatining natijadorligiga qiziqishini oshirishga xizmat qiladi. Mehnat kodeksi qoidalarini xalqaro huquq normalariga, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan xalqaro shartnomalarga moslash imkonini yaratadi.

Kodeks loyihasini takomillashtirish jarayonlari davom etmoqda.