Nizomga koʻra, ish beruvchilar tomonidan toʻlangan ijtimoiy soliq summasini qoplab berish uchun ularning yosh xodimlari quyidagi talablarga mos kelishi kerak:
ijtimoiy soliq summasi qoplab berilishi soʻralayotgan hisobot oyida yosh xodim 25 yoshdan oshmagan boʻlishi;
uzluksiz 6 oy davomida mehnat faoliyatini amalga oshirgan hamda ish beruvchi tomonidan belgilangan tartibda ijtimoiy soliq uzluksiz toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat (elektron qayd) mavjudligi.
Ish beruvchi tomonidan ariza u soliq toʻlovchi sifatida roʻyxatda turgan soliq organiga ijtimoiy soliq hisoboti taqdim etilganidan keyin 3 oydan kechiktirmasdan taqdim etiladi.
Ariza kelib tushgan sanadan boshlab 5 ish kuni mobaynida arizaning talablarga muvofiq yoki muvofiq emasligi oʻrganiladi.
Toʻlangan ijtimoiy soliq summasini qoplab berish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinganda, avtomatlashtirilgan dasturda 1 ish kunida soliq organining xulosasi shakllantiriladi.
Mazkur nizom 2021-yil 1-maydan 2023-yil 15-yanvargacha toʻlangan ijtimoiy soliq summasini qoplab berishga nisbatan tatbiq etiladi.
Bunda 2022-yil dekabr oyi uchun toʻlangan ijtimoiy soliq summasini qoplab berish uchun ish beruvchi tomonidan ariza berishning oxirgi muddati 2023-yil 1-aprel kuni etib belgilanadi.
Mazkur tartib byudjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav jamgʻarmasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori boʻlgan yuridik shaxslarga nisbatan tatbiq qilinmaydi.
Nizom 2023-yil 1-yanvarga qadar amal qiladi.