“Ishan Group” kompaniyasi Andijonga insonparvarlik yordam qoʻlini choʻzdi

    Xalqaro hamkorlik 10 Avgust 2020 1865

    Oʻzbekistonning Hindistondagi elchixonasida “Ishan Group” kompaniyasi raisi va boshqaruvchi direktori Rakesh Sharma bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    “Ishan Group” kompaniyasi joriy yil iyul oyida Andijon viloyatida oʻzbekistonlik sheriklar bilan birgalikda “N-95” tibbiy niqoblarini ishlab chiqarish boʻyicha investitsion loyihani amalga oshirdi. Ayni paytda Hindiston kompaniyasi ushbu mahsulotlarni eksport qilishni boshlash uchun Buyuk Britaniya kompaniyalari bilan muzokaralar olib bormoqda. Bundan tashqari, gigiyena mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihasini tez kunlarda amalga oshirish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.

    Muzokaralar chogʻida R.Sharma mamlakatimizdagi faoliyatini kengaytirishga qiziqish bildirdi. Xususan, Hindiston kompaniyasi qizilmiya ildizini qayta ishlash va farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishdan tortib, Xorazm viloyati sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirishgacha boʻlgan qator muhim loyihalarni birgalikda amalga oshirishga tayyor ekanligi bildirildi.

    Har bir loyihani atroflicha muhokama qilish uchun Xorazm viloyati hokimligi, tegishli vazirliklar va Oʻzbekistonning Hindistondagi elchixonasi vakillari ishtirokida onlayn muzokaralar oʻtkazish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

    Hindistonlik investor karantin cheklovlari yumshatilgach, Andijon va Xorazm viloyatlari hokimliklarida ilgari erishilgan kelishuvlar va qoʻshma investitsion loyihalarni amalga oshirish boʻyicha muzokaralar olib borish uchun Oʻzbekistonga tashrif buyurishini aytdi. Shu bilan birga, u oʻz delegatsiyasi tarkibiga Oʻzbekiston iqtisodiyotining turli sohalariga sarmoya kiritishga qiziqish bildirayotgan qator hind kompaniyalari rahbarlarini kiritishni rejalashtirayotganini maʼlum qildi.

    Uchrashuv davomida R.Sharma uning kompaniyasi Andijon viloyatida koronavirus infeksiyasining tarqalishini oldini olishga koʻmaklashish maqsadida Andijon viloyati hokimligiga tibbiy himoya vositalari va dori-darmonlardan iborat begʻaraz yordamni topshirish toʻgʻrisida qaror qabul qilganini maʼlum qildi. R.Sharma ushbu insonparvarlik yordamini 8-avgust kuni elchixonaga rasman topshirdi, deb xabar beradi Oʻzbekistonning Hindistondagi elchixonasi matbuot xizmati.