Korxonalarni oʻrganish jarayoni ikki yoʻnalishda olib borildi. Birinchisi — biznesning hozirgi holatini sifatli baholash, ikkinchisi — tadbirkorlarning keyingi ikki-uch oy ichida oʻz biznesini rivojlantirish istiqboliga boʻlgan ishonchi.
Tahlillar shuni koʻrsatdiki, soʻrovda qatnashgan 1005 korxonadan 38 foizi oʻz biznesining hozirgi holatini yaxshi, 45 foizi qoniqarli va atigi 17 foizi yomon deb baholagan.
Respondentlarning 42 foizi tovar/xizmatlarga talab yaxshilanganini, 45 foizi oʻzgarmaganini, 13 foizi esa yomonlashganini qayd etgan. Xodimlar sonini korxonalarning 18 foizi “oʻsgan”, 74 foizi “oʻzgarmagan”, 8 foizi “kamaygan” deb hisoblaydi.
Tahlillar shuni koʻrsatdiki, soʻrovnomada qatnashgan korxonalarning 79 foizi oʻz biznesining istiqboli yaxshilanishini taxmin qilgan, 20 foizi bu holat oʻzgarmaydi degan, faqat 1 foizi “yomonlashuv”ni belgilagan.
Korxonalarning 73 foizi tovarlarga/xizmatlarga talab “yaxshilanadi”, 25 foizi “oʻzgarmaydi” demoqda, 2 foizi talab “yomonlashishi”ni bashorat qilmoqda.
Kelgusi uch oy ichida korxonalarning yarmidan koʻpi ishchilar sonini koʻpaytirishni rejalashtirmoqda. Respondentlarning 33 foizi ishchilar soni oʻzgarmasligini aytyapti. Faqat 1 foizi ishchilar kamayadi deb javob berdi.
Korxonalarning 22 foizi oʻz tovarlari/xizmatlari narxining yuqorilashini bashorat qilmoqda, 28 foizi narxlar oʻzgarmaydi deb hisoblaydi, 2 foizi narxlarning pasayishini kutmoqda, 48 foizi esa narxlar borasida “bilmayman”, deb javob bergan.
Ishbilarmonlik muhiti koʻrsatkichi ketma-ket ikkinchi oyda oʻrtacha oʻsishni koʻrsatmoqda va yanvar oyida 17 pogʻona oʻsib, 69 pogʻonani tashkil etdi. Ekspertlar mamlakatdagi ishbilarmonlik muhitini yaxshi deb baholaydi.
Mavjud vaziyat va taxminlar qiymatlari oʻrtasidagi bogʻliqlik iqtisodiy rivojlanishning ijobiy tendensiyasi yaqin 3 oy davomida davom etishini anglatadi.
Feruzbek DAVLETOV,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xodimi