Tuman adliya boʻlimi tomonidan fuqarolar murojaati boʻyicha tegishli hujjatlar oʻrganilganida, «Beruniy Agroservis MTP» MCHJ tomonidan fuqarolar I.O, M.Yu, I.M hamda Sh.G. ga jami 54 837 056 (ellik toʻrt million sakkiz yuz oʻttiz yetti ming ellik olti) soʻm hisoblangan ish haqilari toʻlanmaganligi aniqlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 154-moddasida ish beruvchi oʻzining moliyaviy holatidan qatʼi nazar, xodimga bajargan ishi uchun haqni belgilangan mehnat haqi shartlariga muvofiq ushbu Kodeksning 161-moddasida koʻrsatilgan muddatlarda toʻlashi shart deb belgilangan.
Mazkur Kodeksning 161-moddasiga muvofiq, mehnatga haq toʻlash muddatlari jamoa shartnomasi yoki boshqa lokal normativ hujjatda belgilanadi va har yarim oyda bir martadan kam boʻlishi mumkin emas.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 171-moddasi 5-bandida hisoblangan, lekin xodimga toʻlanmagan ish haqini va boshqa unga tenglashtirilgan toʻlovlarni undirish haqida talab arz qilingan boʻlsa sud buyrugʻi beriladi deb koʻrsatilgan.
Yuqoridagi normalarga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-apreldagi PQ-3666-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi toʻgʻrisida”gi Nizomga asoslanib tuman adliya boʻlimi tomonidan fuqarolar I.O, M.Yu, I.M, Sh.G. manfaatini koʻzlab Fuqarolik ishlari boʻyicha Beruniy tumanlararo sudiga arizalar kiritilib, natijasi boʻyicha fuqarolarga jami 54 837 056 (ellik toʻrt million sakkiz yuz oʻttiz yetti ming ellik olti) soʻm ish haqilarini undirish boʻyicha sud buyrugʻi chiqarilib ish haqilari undirib berildi.
Lobar Rozimova,
Beruniy tumani adliya boʻlimi masʼul xodimi