Poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi 302-maktab tumanda yetakchi taʼlim muassasalaridan. Mazkur ilm dargohida taʼlim-tarbiya ishlarining uzviylikda, tizimli olib borilayotgani natijasida maktab oʻquvchilari tuman, shahar, respublikadagi koʻplab tanlovlari, fan olimpiadalarida nufuzli oʻrinlarni band etib kelyapti. Shuningdek, bu yerda maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarning yuksak saviyada tashkil etilayotgani, besh muhim tashabbus doirasidagi ishlar namuna qilishga arzirli ekani oʻquvchilarni faollikka undashi bilan ahamiyatli.

Yil boshidan buyon oʻtkazilgan tadbirlarning barchasida ishga ijodiy yondashish, yangi usullarni qoʻllash orqali muvaffaqiyatga erishish shundoq namoyon boʻladi. Jumladan, sevimli yozuvchimiz Toxir Malik ijodiga bagʻishlab yosh kitobxonlar bilan “Odamiylik mulki” asari yuzasidan tashkil etilgan davra suhbati ham oʻquvchi yoshlarga shijoat bagʻishladi, deyish mumkin. Tadbir maktabning tajribali oʻqituvchilari Nozima Abdullayeva va Nilufar Abdirimova tomonidan tashkil etildi. Tadbirda Toxir Malik hayoti va ijodi yuzasidan qiziqarli, kitoblarda yozilmagan maʼlumotlar berildi, oʻquvchilar guruhlarga boʻlinib, yozuvchi asarlari boʻyicha savol-javoblar oʻtkazdilar, kuy-qoʻshiklar ijro etildi. Eng muhimi, oʻgʻil-qizlarda kitob oʻqishga boʻlgan kiziqish yana-da kuchaydi.

Shuningdek, oʻquv yili yakunlangan boʻlsa-da, maktabning chizmachilik va tasviriy sanʼat oʻqituvchisi Zulxumor Sobirova boshchiligida pedagogik jamoa bilan STEAM boʻyicha tadbir tashkil etildi. Unda oʻqituvchilarni ijodiy yondashishga chorlaydigan kreativ oʻyinlar ham oʻtkazildi. Tadbir davomida Z.Sobirova oʻz ijodidan namunalar koʻrsatdi va tadbirda faol qatnashgan hamda gʻolib oʻqituvchilarni esdalik sovgʻalar bilan taqdirladi.

Ayni paytda ham maktab kitobxon oʻquvchilar, toʻgaraksevar bolalar bilan gavjum. Darvoqe, yaqin kunlarda maktabda yozgi oromgoh faoliyat boshlaydi. Bu esa koʻzi yonib, qalbi ijod zavqi bilan toʻlib-toshgan bolajonlar uchun qulay imkoniyat.