Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, qonun loyihasi bilan ishga qabul qilish chogʻida ishga kirayotgan shaxslardan talab etiladigan hujjatlar roʻyxati qisqartirilmoqda. Xususan, axborot tizimlaridan olish imkoniyati yaratilgani uchun davlat tashkilotlari va xoʻjalik birlashmalari tomonidan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar va mehnat daftarchalarni hamda jamgʻarib boriladigan pensiya daftarchasini talab qilish bekor qilinmoqda.
Shuningdek, loyiha bilan Mehnat kodeksining 11-moddasi “Davlat fuqarolik xizmatchilarining mehnatga oid munosabatlariga nisbatan mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikning amal qilishi Oʻzbekiston Respublikasining «Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan tartibga solinmagan qismi boʻyicha tatbiq etiladi», degan soʻzlar bilan toʻldirilmoqda.
Deputatlarning aytishicha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini taʼminlanishida qonunchilik hujjatlari takomillashtiriladi. Mehnat kodeksi bilan yangi qabul qilingan qonunlar va qonunosti hujjatlari oʻrtasida oʻzaro muvofiqlik taʼminlanadi.
Deputatlar qonun loyihasining mazmun-mohiyati va ahamiyatiga alohida eʼtibor qaratib, unda nazarda tutilayotgan ayrim normalar boʻyicha oʻz nuqtayi nazarlari, taklif va tavsiyalarini bildirdi. Ushbu hujjat ishga qabul qilishni noqonuniy rad qilish holatlari kamaytirish, byurokratik toʻsiqlar bartaraf etish va korrupsiyaviy holatlarning oldini olishga xizmat qilishini qayd etdilar.
Qizgʻin bahs-munozaralardan soʻng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilindi.