Xususan, axborot tizimlaridan olish imkoniyati yaratilgani uchun davlat tashkilotlari va xoʻjalik birlashmalari tomonidan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar va mehnat daftarchalarni hamda jamgʻarib boriladigan pensiya daftarchasini talab qilish bekor qilinmoqda.

Ushbu tartiblarni oʻz ichiga olgan “Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yigʻilishida birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.

Muhokamalarda fraksiya aʼzolari qonun loyihasi bilan partiya elektorati uchun qator yengilliklar berilayotgani, ortiqcha ovoragarchiliklarning oldi olinayotganini taʼkidladi. Loyihani yanada takomillashtirish yuzasidan oʻz fikr-mulohaza va takliflarini berdi.

Yigʻilishda shuningdek, “Xalqaro mehnat tashkilotining haq toʻlanadigan taʼtillar toʻgʻrisidagi 132-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1970-yil 24-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun loyihasi ham muhokama qilindi. Mazkur Konvensiyaning asosiy maqsadi – barcha ishlaydigan xodimlarga dam olish va ishlash qobiliyatini tiklash uchun ish oʻrni (lavozimi) hamda oʻrtacha ish haqi saqlab qolingan holda xodim ishdan ozod etiladigan, xodimga har yili ish yili davomida beriladigan taʼtillarni taʼminlashdan iborat.

Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi milliy qonunchilikni yanada takomillashtirishga, Xalqaro mehnat tashkilotining hujjatlarida belgilangan mehnat huquqlarini, shu jumladan, dam olish va haq toʻlanadigan taʼtillardan foydalanish huquqlarini taʼminlash boʻyicha xalqaro standartlarni samarali joriy etishga xizmat qiladi.