Muhammad al-Xorazmiy nomidagi TATU Qarshi filiali tomonidan ishsiz fuqarolarga bepul oʻquv kurslari tashkil etildi.
“Ishga marhamat” monomarkazi hududida faoliyat boshlagan bu bepul kurslar Nemis xalq universitetlari assotsiatsiyasi(DVV)ning Oʻzbekistondagi filiali koʻmagida amalga oshirilayotgan loyiha doirasida ochildi.
Bu yerda asosan “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar kasb-hunar oʻrganishmoqda.
— Uch nafar farzandim bor, — deydi Qarshi shahridagi Alisher Navoiy mahallasida yashovchi 32 yoshli uy bekasi Feruza Murodova. — Hozir turli kompyuter dasturlarida ishlashni oʻrganayapman. Ularni yaxshi oʻzlashtirganimizdan soʻng ofis hujjatlari tuzishni va davlat tilida ish yuritishni ham oʻrgatishar ekan. Oʻylaymanki, bunday bilimlar bilan oʻzimga, albatta, yaxshi ish topaman.
Shuningdek, kasb oʻrganuvchilar uchun motivatsion treninglar, bitiruvchilar uchun esa tadbirkorlik asoslari va biznesni rejalashtirish boʻyicha maxsus kurslar oʻtkazish koʻzda tutilgan, deb xabar beradi TATU Qarshi filiali axborot xizmati.