Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, “Ishga marhamat” monomarkazi rahbarlari, Yaponiyaning “Sanko global group” MCHJ, “Nippon educational academy” MCHJ masʼul xodimlari ishtirokida oʻtkazilgan videokonferensaloqa shaklidagi uchrashuvda ikki davlat oʻrtasida tartibli va xavfsiz mehnat migratsiyasida hamkorlikni kengaytirish, Yaponiyada ishlash istagidagi fuqarolarimizga yapon tilini oʻqitish, ularga zarur kasblarni oʻrgatish masalalari muhokama etildi.

Maʼlumot oʻrnida, Yaponiyaning yirik kompaniyalaridan biri “Nippon educational academy” tasarrufida 4 ta kollej, 1 ta mehmonxona (Riga Royal Hotel), KFC tarmoqlari, qariyalar uyi, restoranlar, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish korxonalari mavjud.

Uchrashuvda “Ishga marhamat” monomarkazi, Yapon tili va kasbiy malaka test markazi hamda Yaponiyaning “Nippon educational academy” MCHJ oʻrtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi.

Kelishuvdan koʻzlangan maqsad Yaponiyaga maxsus malakali ishchilarni yuborish loyihasi doirasida “Nippon educational academy” metodologiyasi asosida oʻqitish va bitiruvchilarga ushbu taʼlim muassasasi sertifikatini berishdan iborat.

Shuningdek, “Nippon educational academy” oʻquv kurslarini bitirgan fuqarolar ushbu taʼlim maskani tomonidan maxsus malaka testini topshirgan holda yaponiyalik ish beruvchilarga malakali mutaxassis sifatida tavsiya qilinadi.

Oʻquv kurslarida yapon tili, qariyalarni parvarishlash, qishloq xoʻjaligi boʻyicha darslar tashkil etiladi. Darslar monomarkazning oʻzida, shuningdek, onlayn tarzda olib boriladi, deb xabar beradi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati.